Mahalliy yangiliklar
Samarqandda 13 yashar bola Damas’da oyog‘i zanjir bilan kishanlangan holda topilgandi. Holatga Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva munosabat bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, 15-mart kuni Samarqandda yuz bergan voqeaga ishonish qiyin bo‘lsada, har qanday muammoning yechimi uni qabul qilishdan boshlanishini tushunish kerak. Majburiy ravishda kishanband qilingan o‘smirga malakali psixologlar tomonidan zarur yordam ko‘rsatilmoqda, ayni paytda uning salomatligiga hech narsa tahdid solayotgani yo‘q.
“Jamoatchilikni larzaga keltirgan bu hodisa ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga barham berish uchun hali yetarli emasligini ko‘rsatib qo‘ydi. Qolaversa, bu qonunbuzarlik barchamiz uchun muborak ramazon oyida sodir etilgani kishini battar qayg‘uga soladi.
Yurtimizda birorta ham voyaga yetmagan shaxs bunday holatga tushib qolmasligi uchun jamiyatimizda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishi yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz”, — deydi Shahnoza Mirziyoyeva.
U, shuningdek, mazkur jinoyat fosh bo‘lishiga hissa qo‘shgan, o‘z vaqtida ichki ishlar organlariga xabar bergan hushyor va g‘amxo‘r jamoatchilik vakillariga minnatdorchilik bildirdi. Ularning yordami bilan o‘smir uchun yanada ayanchliroq zo‘ravonliklarga duchor bo‘lishining oldi olinganini qayd etdi.
“Samarqandda ro‘y bergan voqea Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nazoratga olingan. Biroq biz quruq bayonot bilan cheklanib qolmay, jabrlanuvchining sog‘lomlashtirilishi, ta’lim olishi va normal sharoitda yashashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatadi. Kim bo‘lishidan qat’i nazar qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanishiga ishontirib qolaman”, — dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.
Ayni paytda qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2011-yilda tug‘ilgan Sh.Sh. Paxtachi tumani “Qalqon-jasorat harbiy sport maktabi”ning 6-sinfida o‘qiydi. Sh.Sh.ning vasiylari J.S. va E.M. mazkur maktab o‘qituvchisi X.Sh.ni chaqirib, xulqi og‘irligi tufayli bolani Samarqand viloyati “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markazi”ga olib borishni so‘ragan.
2024-yil 15-mart kuni maktab o‘qituvchisi Sh.X. voyaga yetmagan Sh.Sh. go‘yoki avtomashinadan tushib qochib ketmasin degan vaj bilan Damas’ning orqa o‘rindig‘ida g‘ayriqonuniy tarzda bola oyoqlarini temir zanjir bilan bog‘lab qo‘ygan.