Mahalliy yangiliklar
Toshkentda mashina oʻgʻirlash bilan shugʻullangan 15 yoshli maktab oʻquvchisiga hukm oʻqilgan. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Uchtepa tumanida 15 yoshli maktab oʻquvchisi mashina oʻgʻirlab qoʻlga tushgan. Sud majlisida oʻquvchi avval ham bir necha marta mashina oʻgʻirlagani maʼlum boʻlgan.
Tafsilotlarga koʻra u uchinchi mashinani oʻgʻirlagach yoʻl-transport hodisasi sodir etgan. Mashina ustunga borib urilgan. Oʻsmir mashinani pachaq holida tashlab ketgan.
“Millar” dasturida efirga uzatilgan lavhada ayblanuvchining otasi soʻnggi oʻgʻrilik sodir boʻlgan kuni oʻgʻli amakisi bilan janjallashib, uydan chiqib ketganini aytgan.
Qayd etilishicha, jinoyat ishlari boʻyicha Uchtepa tuman sudi tomonidan oʻquvchi Jinoyat kodeksining 267-moddasining 1-qismi bilan aybdor deb topilgan.
Sudya unga uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan. Jazoni axloq tuzatish koloniyasida oʻtashi belgilangan.