x

Jahon yangiliklari

Ijtimoiy tarmoqlarda Tailandda qozog‘istonlik bolalarning ommaviy g‘oyib bo‘lgani haqida xabar tarqalmoqda.

Fuqarolarning Tengrinews nashriga ma'lum qilishicha, Tailandga borgan bir necha qozoq oilalari farzandlarisiz qaytishgan. Hatto, ayrim sayyohlik agentliklari mijozlariga imkon qadar bolalarini sayohatga olib ketmasliklari haqida ogohlantirmoqda.

Qozog'istonlik shifokor hamda bloger Ivan Melnikov o'zining instagram sahifasida hamkasbi va rafiqasining tanishlaridan biri Tailandda farzandini yo'qotib qo'ygani haqida yozgan.

"Qozoq xalqining bolalari Tailandda yo‘qolib qolmoqda. Biz xotinim bilan Tailandga ketmoqchi edik, lekin bu xabarlarni eshitganimizdan keyin fikrimizdan qaytdik. Biz hech qachon bunday sharoitda bolalarimiz bilan u yerga bormaymiz. Tailandga borgan hamkasbimning aytishicha, er-xotin 5 va 2 yoshli ikki farzandi uxlayotgan paytda xonadan chiqib ketishgan va 20 daqiqada qaytishgan. Ammo ne ko'z bilan ko'rishsinki, bolalar yo'q edi", – deydi bloger o'z sahifasida.

Mazkur post ostida qoldirilgan izohlar esa ikki qutbga bo'lingan. Foydalanuvchilarning bir qismi buni yolg'on ma'lumot ekanini ta'kidlashsa, boshqalar aynan shu kabi holatlarni tanishlaridan eshitgani haqida yozgan.

Qozog'iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarovning so'zlariga ko'ra, bolalarning yo'qolishi haqidagi xabarlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi.

"Bu yangilik soxta va unga bir necha yil bo'ldi. Bu MDH davlatlarining axborot maydonida vaqti-vaqti bilan paydo bo'ladi. So'nggi uch oy davomida kimdir mana shu "yangilik"ni yana targ'ib qilishga urinmoqda. Agar fuqarolarimizdan kimdir g'oyib bo'lsa, har qanaqasiga uni topamiz. Hatto eng qiyin, jinoyatchilik avj olgan "Oltin uchburchak" hududidan ham odamlarni qutqara olamiz. Sayyohlarning yo'qolgan farzandlari haqida esa gapirmasa ham bo'ladi", – deydi vazirlik rasmiy vakili.

Ma'lumot uchun: "Oltin uchburchak" bu – BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan dunyoda afyun ishlab chiqaruvchi asosiy hududlardan biri sifatida qayd etgan joy hisoblanadi.

To Top ↑
To Top ↑