x

Mahalliy yangiliklar

Joriy yil 11-mart kuni Fargʻona viloyati va Toshkent shahrida taʼlim muassasalarini qoʻriqlashning yangi tizimi doirasida oʻquvchi va oʻqituvchilar xavfsizligini taʼminlash maqsadida maktablarda xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya xodimlari tomonidan pichoq olib yurish bilan bogʻliq ikkita holat aniqlangan.

Qoʻqon shahrida soat 13:50 larda 35-sonli maktabga kirishga uringan bir yigitni yangi tizim asosida xizmat qilayotgan maktab qorovuli toʻxtatib qolgan. Shu maktabda oʻqiysizmi, degan savolga u oʻqimayman, deb javob bergan va nima uchun maktabga kelganini tushuntira olmagan. Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmatiga qarashli tezkor harakatlanuvchi guruh chaqirilib, yigit ichki ishlar organlari profilaktika inspektoriga topshirilgan. U 2007-yilda tugʻilgan kollej oʻquvchisi I. X. ekanligi aniqlangan. Profilaktika inspektori yigitning ota-onasiga qoʻngʻiroq qilgan, uning huzurida shaxsiy tintuv vaqtida oshxona pichogʻi topilgan.

Shu kuni kechki soat taxminan 18:20 larda Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 275-sonli maktabda oʻqituvchi va oʻquvchilar xavfsizligini taʼminlash, huquq-tartibotni saqlash maqsadida xizmat olib borayotgan Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati xodimlariga 4-sinf rahbari jismoniy tarbiya darsi oldidan kiyim almashtirish xonasida 10-sinf oʻquvchilari U.I. va T.A. sinfdoshlariga sport sumkasida olib yurgan pichoqni koʻrsatgan.

Oʻquvchilar U.I. va T.A.ning ota-onalari maktabga taklif etilib, ular bilan Mirzo Ulugʻbek tumani IIB profilaktika inspektori va maktab direktori profilaktik suhbat oʻtkazgan. Oʻsmirlardan pichoq olib qoʻyilib, ularning ota-onalariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 47-moddasi (“Bolalarni tarbiyalash va oʻqitish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaslik”) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

To Top ↑
To Top ↑