x

Jahon yangiliklari

Rossiyadagi maktablarda 15-18 yoshdagi o'rta maktab o'quvchilari uchun mo'ljallangan "Vatan xavfsizligi va mudofaasi asoslari" deb nomlangan yangi fan uchun darslik nashr etildi.

Ushbu darslik sentabr oyidan haftada bir marotaba, "Hayot xavfsizligi asoslari" fani o'rnida o'tilishi nazarda tutilmoqda. Fan o'qituvchilari sifatida esa sobiq askarlar dars o'tishi aytilmoqda. Ularni pedagogika ixtisosligi bo'yicha bepul tayyorlovchi kurslar tashkil qilingan.

Yangi fan bo'yicha Rossiyaning yetakchi nashriyotlaridan biri "Enlightenment" tomonidan "Rossiya armiyasi Vatan himoyasida" deb nomlangan darslik tayyorlangan. Darslik mualliflari orasida Mudofaa vazirligi va hukumatga tegishli "Российская газета" nashrining ikki nafar martabali kishisi ham borligi ma'lum qilingan.

368 sahifadan iborat darslik XIII asrdan hozirgacha rus askarlari ko'rsatgan qahramonliklar haqida hikoya qiladi. Xususan, darslikda Sobiq Ittifoq rahbari Iosif Stalin ulug'lanadi.

Shuningdek, kitobda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi "maxsus harbiy operatsiya" sifatida qayd etiladi. Darslik mualliflari urushni aynan Ukraina va NATO boshlaganini iddao qilishgan. 

Ukrainalik siyosiy tahlilchi Volodimir Fesenko darslikni "noto‘g‘ri ma’lumotlar va yolg‘on”dan iborat deb baholaydi. Kitobda Rossiya tomonidan qariyb uch oy davomida bombardimon qilingan Ukrainaning  Mariupol shahri “natsistlar” va “xorijiy yollanma askarlar” bilan bo‘lgan janglarda vayron qilingani haqida yolg‘on da’vo qilinadi.

Kitob mualliflari Rossiyaning haqiqat uchun kurashganini ta'kidlashadi. Xususan, Rossiya Ukraina fuqarolarining xavfsizligini birinchi o'ringa qo'yishini hamda vayronagarchiliklarning kamayishidan manfaatdor ekani qayd etiladi. 

Kitobning yana bir bo'limida mamlakat Qurolli Kuchlari tuzilmasi haqida ma'lumot beradi va 18 yoshdan oshganlarning armiyaga yozilishi kerakligi uqtiriladi. Jumladan, darslikda harbiy xizmatga ro'yxatdan o'tish uchun manzillar keltirilib, armiyada xizmat qiluvchilar uchun bepul tibbiy xizmat, sug'urta, uch mahal ovqat hamda yuqori ish haqi kafolatlanishiga urg'u beriladi.

Qrim inson huquqlari tashkiloti rahbari Olga Skripnik ushbu darslik armiyaga qo'shiluvchilar sonini oshishiga olib kelishi va natijada "bolalarning urushga safarbar etilib, halok bo'lishi mumkinligi"dan ogohlantiradi.

Ma'lumot uchun: BBC rus xizmati 2 yillik urush oqibatida 20 yoshgacha bo'lgan kamida 1240 nafar askar halok bo'lganini ma'lum qilgan.

To Top ↑
To Top ↑