Jahon yangiliklari
Hindistonning Maxarashtra shtatida yashovchi bola uyida telefon o’ynab o’tirgan vaqtida xonaga leopard kirib keldi. Ma’lumotlarga ko’ra, bola 13 yoshda. Uyga kirish eshiklari ochiq bo’lganligi uchun yirtqich hayvon qiyinchiliksiz ichkariga kirgan.
Tahlikali vaziyatga tushib qolgan bolakay vahima qilmasdan, o’tirgan joyidan ohista turgan va tashqariga chiqib, eshik ustidan qulflab qo’ydi. Kutilmagan mehmon bilan sodir bo’lishi mumkin bo’lgan baxtsiz hodisa betalofat yakun topdi. Ushbu voqeadan xabar topgan qutqaruv guruhlari voqea joyiga yetib kelib, leopardni xavfsiz joyga olib ketishgan. Voqea videotasvirlari xavfsizlik kamerasi yozuviga tushib qolgan. Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan mazkur voqea tasvirlarini ko’rgan foydalanuvchilar bolaning jasorati va zukkoligini e’tirof etishmoqda.