Mahalliy yangiliklar
Sanepidqoʻmita Toshkent shahar boshqarmasi Yashnobod tuman boʻlimi bolalar va oʻsmirlar gigiyenasi boʻlinmasi xodimlari tomonidan 156-sonli maktab oshxonasida murojaat asosida oʻrganish ishlari oʻtkazilgan.
Maʼlum qilinishicha, shu kabi nazorat tadbiri Olmazor tuman boʻlimi xodimlari tomonidan 134-sonli taʼlim muassasasida epidemiologik koʻrsatkich asosida olib borilgan.
Tadbir davomida maktab oshxonasida taqiqlangan mayonez va ketchup qoʻshilgan mahsulotlar, rangli va gazli ichimliklar, saqichlar, qotirilgan nonlar, har xil turdagi qandolat mahsulotlari sotilayotganligi aniqlangan.
“Maktab oshxonalarida taqiqlangan mahsulotlar savdosini cheklash va ularni nazorat qilib borish maktab hududida tashkil etilgan brakeraj komissiyasi vakolatiga ham kiradi. Shuningdek, maktab oshxonasiga sotish uchun olib kelingan har bir mahsulotni sifat koʻrsatkichlariga mosligi brakeraj komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilishi va taqiqlangan mahsulotlar ular tomonidan savdodan olinishi kerak”,- deyiladi xabarda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, ayrim oziq-ovqat va ichimliklarni sotishga cheklovlar kiritilgani xaqida xabar qilindi.