Mahalliy yangiliklar
Buxoro shahrida axlat tashuvchi mashina ona va uning ikki yashar bolasining hayotiga zomin bo`ldi. Buxoro viloyati IIB Matbuot xizmatining xabar berishicha , ona-bola voqea joyida vafot etgan.
Qayd etilishicha, voqea kecha, 12 aprel' kuni soat 11:05 larda Sh.N. ismli shaxs o`z boshqaruvidagi “Aholi Trans” MChJga qarashli SHACMAN rusumli chiqindi tashish avtomashinasini Buxoro shahar “Istiqlol" mahallasi bo`ylab boshqarib borib, ushbu ko`chadagi 84/1-sonli ko`p qavatli uyning orqa tomonida joylashgan chiqindixonadan chiqib ketayotganida amaldagi yo`l harakati qoidalarining 11 va 77-bandlari talablarini buzib, axlatxona yonidan o`tib ketayotgan Yu.N. va bolalar aravachasida bo`lgan, 2020 yilda tug`ilgan S.A.ni avtomashina o`ng tomon g`ildiragi bilan bosib ketgan.
Natijada Yu.N. va voyaga etmagan S.A. og`ir tan jarohati olib voqea joyida vafot etgan.
Ushbu holat yuzasidan fuqaro Sh.N.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan holda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.