x

Mahalliy yangiliklar

Qashqadaryo viloyatidagi Shahrisabz davlat pedagogika instituti talabasi Marjona Jo‘raqulova viloyat hokimi Murodjon Azimovning yoshlar bilan muloqotida hokimga taklif berib, yosh qizlarning erta turmushga chiqishining oldini olish tashabbusiga hissa qo‘shmoqchiligini aytdi. Taklif Murodjon Azimovga ma’qul keldi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov ma'lum qilgan. 

Talaba qiz — Marjona Jo‘raqulova erta turmush va qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish bo‘yicha tashabbusni ilgari surgan.

O‘z ustida ishlayotgan, bir vaqtning o‘zida ta’lim olayotgan va moliyaviy mustaqilligini ta’minlayotgan iqtidorli xotin-qizlar, institutda tahsil olayotgan qizlarni bir joyga to‘plasam, siz bizga bitta avtobus qilib bersangiz, xonadonma-xonadon, maktabma-maktab yurib, erta turmushning zararli oqibatlari haqida targ‘ibot qilsak. Hurmatli ota-onalar farzandingizni o‘qitsangiz, qo‘pol bo‘lsa ham u ersiz qolib ketmaydi. Yaxshi o‘qigan qiz tengini topadi degan ma’noda biz targ‘ibotga borsak, — deydi Marjona Jo‘raqulova viloyat hokimiga taklif berar ekan. 

Talaba qiz eng avvalo, viloyatning Ko‘kdala va Koson tumanlariga bormoqchiligini aytdi. 

Nimaga aynan shu tumanlar desangiz, men internetda aynan shu mavzu ko‘p muhokama qilinayotganini o‘qiyman. Targ‘ibotga yoshi katta ayollarni yuborish natija bermaydi, u qiz bu ayoldan o‘rnak olmaydi. O‘zi qatori qizning fikrlashini ko‘rsa, uning imiji va moliyaviy imkoniyatlarini ko‘rsa, u ham o‘qishga harakat qiladi. 14 yoshli qizni unashtirib qo‘yishgach, uning fikri xayoli hech qachon o‘qishda bo‘lmaydi. U qachon o‘sha boladan sms kelishini, qachon telefon qilishini kutadi. Lekin biz ular bilan gaplashadigan bo‘lsak, sen institutda o‘qigin, mana men senga bitta na’muna, baxting ham topiladi. Xavotir olma degan ma’noda targ‘ibot qilsak. Buning uchun esa siz bizga yordam berib, avtobus ajratib bersangiz, ertadan ishga kirishgan bo‘lardik, — deydi talaba. 

Talaba qizning taklifi viloyat rahbariga ma’qul kelgan. 

Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov

Juda to‘g‘ri aytyapti. O‘zi tengi qizlar bilan borib, maktab, kollej va mahallalarga yursa, tengdoshlari tinglaydi. Hali 18 ga ham kirmagan qizlarimizni unashtirib, ularning fikrini buzib, to‘g‘ri o‘sha unashtirilgan qiz faqat yigitidan sms kelishini kutib o‘tiradi. Kitob ham o‘qimaydi, boshqa ish bilan shug‘ullanmaydi. Rahmat, bizning mikroavtobuslarimiz bor, men Shahrisabzga yuboraman, — deydi tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan hokim.

To Top ↑
To Top ↑