Jahon yangiliklari
Qozogʻiston parlamenti Majilisi (quyi palatasi) birinchi oʻqishda qonun hujjatlariga ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini taʼminlashga oid tuzatishlarni qabul qildi. Ular pedofiliya va bolalarni oʻldirish uchun umrbod qamoq jazosini nazarda tutadi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi.
“Voyaga yetmaganlarni qiynoqlarga solish yoki sogʻligʻiga ogʻir va oʻrtacha ogʻirlikdagi zarar yetkazganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda, xususan, ozodlikni cheklash tarzidagi muqobil jazo turi bundan mustasno. Voyaga etmagan bolani oʻldirish yoki pedofiliya uchun muqobil boʻlmagan jazo – umrbod qamoq jazosi joriy etiladi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, qasddan badanga yengil shikast yetkazish va kaltaklash uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish taklif qilinmoqda. Ilgari bu jinoyatlar uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan edi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartishlarda oʻz joniga qasd qilishga undaganlik uchun besh yildan toʻqqiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jinoiy javobgarlikni belgilash taklif etilmoqda. Shuningdek, oʻz joniga qasd qilishga targʻib qilganlik uchun 200 oylik hisob-kitob koʻrsatkichi (1,6 ming dollardan ortiq) miqdorida jarima solish tarzida jinoiy javobgarlik joriy etilmoqda. Bundan tashqari, voyaga yetmagan shaxsga, jumladan, internet tarmogʻida zoʻravonlik qilganlik uchun 10 oylik hisob-kitob koʻrsatkichi (81 dollar) miqdorida jarima solish bilan maʼmuriy javobgarlik joriy etilmoqda.
Qonun loyihasi ustidagi ishlar parlamentning tegishli qoʻmitasida davom etadi.