x

Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Yig‘ilishda imkoniyati cheklangan bolalar boradigan 112 ta maktab va 74 ta bogʻchadagi taʼlim dasturini qayta koʻrib chiqish, maktablarni inklyuziv taʼlimga moslashtirish dasturini amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Nogironligi boʻlganlar uchun Sportni rivojlantirish assotsiatsiyasi tashkil etiladi. Paralimpiya qoʻmitasi, tegishli sport federatsiyalari, Oʻzbekiston maxsus olimpiadasi Assotsiatsiya tarkibiga kiradi.

Assotsiatsiya nogironligi bor shaxslarni mahalladan boshlab ommaviy sportga jalb qilish bilan shugʻullanadi va “Besh tashabbus” doirasida sport musobaqalarini oʻtkazib boradi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga olgan korxona va tashkilotlar uchun bir qator imtiyozlar yaratilgan. Lekin, 500 mingdan ortiq korxona va tashkilotning bor-yoʻgʻi 43 mingtasida nogironligi boʻlgan shaxslar ishlaydi.

“Maktablar, professional taʼlim muassasalarida sharoit yoʻqligi uchun 70 foiz ota-onalar nogironligi bor farzandlarini yashash joyidan uzoq maxsus maktab-internatiga joylashtirishga majbur. Aslida ota-onasi, doʻstlari va mahalladan uzoqlashish har qanday bola uchun katta psixologik zarba”, – dedi Prezident.

Sogʻligʻi, hayoti xavf ostida boʻlgan, yetim va nazoratsiz qolgan bolalarni qaramogʻiga olish boʻyicha “ixtisoslashgan tutingan oila” tizimi joriy etiladi.

Tutingan oila maxsus sertifikatga ega 30 yoshga toʻlgan odamlar tomonidan tashkil etilib, unga 3-5 nafargacha bolalar qabul qilinadi.

Ixtisoslashgan 160 ta taʼlim muassasasida bosqichma-bosqich “gʻamxoʻrlik” guruhlari tashkil qilinadi. Yaʼni, ogʻir kasalligi bor bolalarga shu guruhlarda qarash orqali, ota-onalariga ishlashi uchun sharoit yaratib beriladi.

Ota-onasidan ayrilgan yoshlarni hayotda oʻz oʻrnini topib ketishi uchun koʻmaklashish tizimi ham oʻzgaradi. Endilikda “Yoshlarga hamrohlik” dasturi asosida bunday yoshlarni qoʻllab-quvvatlash 23 yoshgacha etib belgilanadi (hozirda 18 yosh).

To Top ↑
To Top ↑