Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov 17-fevral kuni Payariq tumanidagi 102-maktab oʻquvchilarining ota-onalari bilan uchrashib, farzand tarbiyasi masalasini muhokama qildi.
Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda oʻtgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 ming jinoyat sodir etgani, 50 ming nafar bola muntazam ravishda maktabga bormayotganini aytgandi. “Nima uchun hokimlar har haftada bitta maktabga borib, oʻquvchilarning sharoiti va tarbiyasi bilan shugʻullanmaydi? Axir Bolalar masalasi boʻyicha milliy komissiyaga hokimlar masʼul emasmi?”, — degandi davlat rahbari.
Erkinjon Turdimov har bir ota-ona farzand tarbiyasiga masʼul ekanini aytdi. Maktab oʻquvchilarining chet tillari va bitta kasbni egallashi muhimligini taʼkidladi.
“Eng yaxshi narsa nima? Farzandning otadan gʻururlanishi emas, otaning farzanddan gʻururlanishi. Qaysi ota-ona [maktabga] kiryapti? Maktabga kirsin, bolasini, hech boʻlmasa, chiqartirib soʻrasa… darsga qelayotganini, qanday oʻzlashtirayotganini, kasbga oʻqiyotganini. Kasb oʻrganishini talab qilsa. „Oʻzim-ku boʻlmadim, mayli, nima boʻlsam boʻldim. Endi bolam yaxshi oʻqisin. Bolam yaxshi oʻqisa, kasb oʻrgansa, til bilsa, bolam yaxshi yashaydi mendan. Mening tayanchim, suyanchim shu bolam boʻladi…“, deb, bolalarimizning bilimini berishimiz kerak-da”, — dedi viloyat hokimligi rahbari.
Milliy gvardiyaning Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi boshligʻi Asqar Umarovning aytishicha, 2023-yilda viloyatda 191 nafar voyaga yetmagan bolalar jinoyat sodir etgan boʻlsa, shundan 60 foizi oʻgʻirlik, 2 tasi qotillik jinoyati hisoblanadi. 1283 nafar oʻquvchi maktabga muntazam qatnamaydi.
Yuqorida tilga olingan yigʻilishda prezident maktablardagi 2000 ta inspektor-psixolog shtatini Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiyaga oʻtkazish boʻyicha topshiriq bergandi. Milliy gvardiya qoʻmondoni Rustam Joʻrayevga ikki oy muddatda oʻquvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarliklarga qarshi immunitet”ni hosil qilish tizimini yaratish boʻyicha topshiriq bergandi. Shu tariqa Milliy gvardiya maktablardagi davomat muammosini hal qilishga kirishdi.
Asqar Umarov xodimlariga oʻquv jarayoniga aralashmaslik, dars vaqtida davomatni tekshirmaslik boʻyicha topshiriq berganini aytdi. Ular maktab direktori oʻrinbosarlari taqdim etgan roʻyxatlar boʻyicha ishlaydi.
Viloyat hokimining taʼkidlashicha, farzandi maktabni tashlab qoʻygan ota-onalarga jarima solishdan avval oʻquvchilar darsga bormayotgan vaziyatlarni tushunib olish, ularni oʻz partalariga qaytarishga yordam berishga harakat qilish zarur.
Erkinjon Turdimovning taʼkidlashicha, koʻpchilik ota-onalar “hamma yaxshi narsalar mehmonga” degan tamoyil asosida yashab, “yerda uxlab yotgan” farzandlari uchun yaratilgan sharoitni unutib qoʻyishadi.
“Gilamning yaxshisi mehmonxonada turadi. Uyida ikkita televizor boʻlsa, kattakonini mehmon koʻrishi uchun mehmonxonaga qoʻyib qoʻyadi. Divan-kresloni mehmonxonaga qoʻyib qoʻyadi, stol-stulni mehmonxonaga qoʻyadi. Bola yerda yotib olib, orqasidan „lampochka“ tushadi, „lampochka“ turibdi, soyada koʻzini pirpiratib dars qiladi. Bu hayot emas. Bolalaringga [eng yaxshisini] ber. Bolalaring yerda yotmasin”, — dedi u.
Hokim davom etdi: “Mehmon tagiga bitta qoʻy soʻymasdan, oʻsha qoʻyni sotib… bolangga divan-krovat olib ber, divan-krovatda yotsin. Divan-krovat olib ber desang, „Ota-bobom yotmagan-ku, sen nima qilasan?“, deydi. Oʻzi lekin Nexia minadi, eshak minmaydi”.
Erkinjon Turdimov ota-onalarning dunyoqarashini oʻzgartirish zarurligini taʼkidladi.