x

Toshkent shahri Chilonzor tumanida 6 yoshli bolani zo‘rlagan erkakka hukm o‘qildi. Bu haqida Bolalar ombudsmani maʼlum qildi

Xabarga ko‘ra, bolalar ombudsmani Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudida bolaga (2017-yilda tug‘ilgan qizga) nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyat (Jinoyat kodeksining 119-moddasi, 4-qismi) yuzasidan yopiq tarzda o‘tkazilgan sud protsessida bolaning qonuniy manfaatlari nuqtayi nazaridan ishtirok etdi.

Sud mazkur og‘ir jinoyatni har tomonlama, xolisona o‘rgangan ravishda ishdagi dalillardan va ish uchun ahamiyatli boshqa holatlardan kelib chiqib, sudlanuvchini aybli deb topdi hamda unga amaldagi qonun doirasidagi qatʼiy jazo chorasi – 16 yil ozodlikdan mahrum qilish (qattiq tartibdagi koloniyalarda o‘tash) jazosini tayinladi.

“Eʼtiborlisi, bunday toifadagi jinoyatlar uchun javobgarlikning yangi tartibiga binoan mazkur hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng mahkumga nisbatan jazoni yumshatish hech bir chorasi qo‘llanilmaydi va u jazoni to‘liq o‘taydi. 

Bugungi kunda sudlarimizda bola huquqlarini ishonchli taʼminlash borasida alohida qatʼiyat va bolaning eng ustun manfaatlarini himoya qilishga ustuvorlik yondashuvi mustahkamlanib borayotganligi nihoyatda muhimdir. Bunday yondashuv yanada barqaror davom etishi zarur!

Shu o‘rinda taʼkidlash joiz, bolalarga nisbatan sodir etilayotgan bu toifadagi jinsiy jinoyatlarni, shu jumladan, mazkur ish materiallarini o‘rganish ham shuni ko‘rsatyaptiki, afsuski, bunday qabih jinoyatlarni sodir etishda jinoyatchilarga bolaning ayni paytdagi qarovsizligi, begona shaxsga ishonuvchanligi va undan mutlaqo hayiqmasligi kabi holatlar qo‘l kelmoqda.

Farzandlarimizni bunday mudhish vaziyatlardan asrash uchun, eng avvalo, kichik yoshdagi bolajonlarni imkon qadar kattalar qarovisiz qoldirmaslik lozim. Shu bilan birga, bolaga har qanday hollarda ham begonalar bilan suhbatlashmaslik, agar shunday xavf bo‘lsa, birinchi navbatda, o‘zini qanday tutish va nima qilish zarurligi bo‘yicha oddiy qoidalarni o‘rgataylik. Bunday ko‘nikmalar bolada uyda ham, bog‘cha va maktabda ham birdek shakllantirilib borilishi zarur”, — deyiladi xabarda.

To Top ↑
To Top ↑