x

Mahalliy yangiliklar

Statistikaga koʻra, oʻtgan yili voyaga yetmaganlar tomonidan 3,5 mingta jinoyat sodir etilgan. Shundan 2 ming 280 nafarini maktab oʻquvchilari sodir etgan. Mavjud muammolarga ijobiy yechim topish maqsadida maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga oʻtkazilishi belgilandi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Milliy gvardiya hamkorligida maxsus Ishchi guruh tuzildi hamda bu borada kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan ishlar rejasi tuzib chiqildi. 

Taʼkidlanishicha, endilikda ota-onalar va mahalla faollari ishtirokidagi “maktab — ota-ona — mahalla” hamkorligi uzviy tashkil etiladi. Shu maqsadda oʻquvchilarning darsda ishtirok etish koʻrsatkichlari haqqoniyligini taʼminlash uchun “e.maktab elektron kundalik”ka oʻqituvchilar va sinf rahbarlari tomonidan oʻz vaqtida qaydlar kiritib boriladi. 

Respublikadagi barcha maktablarga ota-onalarga yuboriladigan “Ogohlantirish xati” namunalari yetkazilgan boʻlib, bu orqali darsda ishtirok etmayotgan oʻquvchilar oila aʼzolarining masʼuliyati va javobgarligi ham oshiriladi. Endilikda maktab masʼullari tomonidan shu namunadagi “Ogohlantirish xati” tezkor ravishda oʻquvchilarning yashash manzillariga yetkaziladi. 

Bunda ota-onalarning oʻz farzandlarining maktabga borishini taʼminlash masʼuliyatini oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi MJtK 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib oʻtilgan. Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun har bir maktabga Milliy gvardiya ofitserlari biriktirildi. 

Shuningdek, haftada kamida bir marotaba Milliy gvardiya, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi vakillari ishtirokida bolalarning maʼnaviyati, tarbiyasi va davomadi boʻyicha ota-onalar bilan uchrashuvlar oʻtkazish amaliyoti joriy etilmoqda. 

Jumladan, oʻquvchilarning darsda muntazam ishtirokini taʼminlash, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun toʻgarak va mashgʻulotlarni koʻpaytirish, ushbu jarayonlarga ota-onalar va hududdagi faol fuqarolarni keng jalb etish boʻyicha aniq vazifalar amalga oshiriladi. 

Mazkur vazifalar ijrosi boʻyicha oʻtgan uch kun davomida Milliy gvardiya bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor choralar natijasida 1000 dan ortiq maktabda oʻquvchilar davomadi oʻrganildi. Surunkali yoki muntazam dars qoldirayotgan 451 nafar oʻquvchining darsga qatnashishi taʼminlandi.

To Top ↑
To Top ↑