Mamlakatimiz maktablarida koreys tilidan dars berayotgan oʻqituvchilar endi Janubiy Koreyada tajriba oshirishi mumkin.
“Oʻqituvchilar almashinuvi Koreya-Oʻzbekiston 2024” loyihasida ishtirok etish uchun oliy maʼlumotli hamda taʼlim muassasasida koreys tilidan dars beruvchi oʻqituvchilar ariza topshirish imkoniga ega.
Loyiha boʻyicha 5 nafar oʻqituvchi tanlab olinadi. Ular Koreyada 2024-yilning 1-martidan 2025-yilning 28-fevraliga qadar faoliyat yuritishadi.
Nomzodlar uchun talablar:
- Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi;
- Taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritishi;
- Koreys tilini yaxshi bilishi;
- Koreys tilidan (TOPIK) sertifikatiga, Taʼlim markazi yoki King Sejong institutida koreys tili kurslarini tamomlaganlik sertifikatlari va boshqa sertifikatlarga ega boʻlishi;
- Oldingi ish joyiga qaytgandan keyin kamida 4 yil ishlashi (majburiy);
- Koreya vizasini olishda cheklovlar boʻlmagan shaxslar boʻlishi kerak.
Gʻoliblarga ikki tomonlama aviachiptalar, har oylik maosh, turar joy va tibbiy xizmat toʻlovlari toʻlab beriladi.