x

Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti Oʻzbekistondagi 14 ta hududda yashovchi 3054 nafar odamdan “Oilalarning baxtlilik darajasi” mavzusida soʻrovnoma oʻtkazdi. AOKAdagi brifingda institut axborot xizmati rahbari Manija Bahriyeva soʻrovnoma natijalarini eʼlon qildi.

Qayd etilishicha, tadqiqotga 20 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan respondentlar jalb etilgan, ularning aksariyati 25−40 yosh oraligʻidagi juftliklardan iborat oilalardir. Ularning javoblari 8 ta indikator va 21 ta subindikatordan tashkil topgan umumiy indeks vositasida baholandi. Shuningdek, natijani hisoblashda rasmiy statistik maʼlumotlar tahlili ham hisobga olindi. Oʻtkazilgan tadqiqot natijalari indeks koʻrsatkichining minus 1 dan plyus 1 oraligʻida oʻlchandi. Oʻzbekiston boʻyicha oilalarning umumiy baxtlilik indeksi plyus 0,56 koeffitsiyentni tashkil etmoqda.

Tahlillarga koʻra, hududlar orasida Xorazm, Sirdaryo, Namangan viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oilalarning baxtlilik indeksi koʻrsatkichi eng yuqori boʻlgan. Toshkent shahri, Jizzax va Fargʻona viloyatlari esa mazkur reytingning soʻnggi oʻrinlaridan joy oldi. Ularda oʻrta darajadagi ijobiy koʻrsatkichlar qayd etildi, deyiladi xabarda.

Soʻrovnoma quyidagi darajalarni qamrab olgan:

  • iqtisodiy farovonlik;
  • demografik barqarorlik;
  • sogʻlom hayot kechirish davomiyligi;
  • taʼlim olish imkoniyatlari;
  • ish bilan taʼminlanganlik;
  • oilaviy hayotdan qoniqish va oilaviy baxtlilikni his qilish;
  • oilaviy qadriyatlarning oʻrni va ahamiyati;
  • oilalarning davlat organlari faoliyati va xizmatlaridan qoniqishi.

Tahlillar natijasida Oʻzbekiston oilalarining aksariyati oʻzini baxtli his qilishi, hayotga koʻtarinki ruh va kelajakka ishonch bilan qarashi, hayotiy maqsadlari hamda rejalari borligi, muammo va qiyinchiliklarni xalqqa xos boʻlgan shukronalik hissi orqali yengib oʻtishi aniqlandi, deyiladi institut xabarida.

Oilalarning demografik barqarorlik holati, oilaviy qadriyatlarning oʻrni va ahamiyatlilik darajasi hamda oilaviy hayotdan qoniqish va oilaviy baxtlilikni his qilish darajasi (+0,667) indikatorlari eng yuqori natijalarni koʻrsatdi.

Oilalar baxtlilik darajasiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillar sifatida, birinchi navbatda, farzandlarning borligi, oʻzbek xalqining oilaviy qadriyatlarga sodiqligi, oiladagi samimiy munosabatlar va gʻamxoʻrlik, sogʻlom hayot kechirish imkoniyati hamda iqtisodiy farovonlik koʻrsatilgan.

Tadqiqotda kishilarning iqtisodiy farovonligi, mehnat faoliyatidan qoniqish darajasi ortgani sari ularning oʻz hayoti va oilaviy turmush tarzi barqarorligidan qoniqish hissi shu darajada ortishi kuzatildi. Mazkur holat oilalarning oʻzini baxtli his qilishida maʼnaviy omillar bilan birgalikda iqtisodiy omillarning ham dolzarblashayotganini namoyon qildi.

Indikatorlar orasida oilalarning ish bilan taʼminlanganlik darajasi (+0,323) hamda taʼlim olish imkoniyati (+0,114) nisbatan past natijalarni koʻrsatdi. Aholi oʻrtasida oliy maʼlumotli boʻlish, oʻz farzandlarini oʻqitish ishtiyoqi yuqoriligi ijobiy holat hisoblanadi. Ayrim holatlarda iqtisodiy, hududiy, malakaga oid omillar taʼsirida farzandlarining taʼlim imkoniyati cheklangani, ishga joylashish va oʻziga mos boʻlgan ish topish masalalaridagi muammolar oilalarning kelajakka boʻlgan ishonchi va oʻz hayotidan qoniqish darajasiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Eslatib oʻtamiz, institut 2022-yilning oktyabr oyida mamlakatdagi oilalarning baxtlilik indikatorini ishlab chiqishni boshlagandi. Unda oʻzbek millatining xarakteri va turmush darajasi inobatga olindi. Qolaversa, Fransiya, Indoneziya, Butan kabi davlatlarda joriy qilingan indekslar tahlil qilindi.

2023-yil uchun baxtli mamlakatlar reytingida (World Happiness Report) Oʻzbekiston 1 pogʻona pastlab, 54-oʻrinni egallagan. Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlari orasida reytingda 44-oʻrinni qayd etgan Qozogʻiston yetakchilik qilmoqda. Finlyandiya oltinchi yildirki dunyoning eng baxtli mamlakati boʻlib turibdi.

To Top ↑
To Top ↑