Ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar vaynerning oilada ayol va erkak munosabatlari va unda ayolning kaltaklanishi haqida olingan videorolik koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi.
2024-yil 27-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudida ushbu shaxslar – Sh. O. (1991-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida tugʻilgan, muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilgan) va R. A. (1990-yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilmagan)ga oid maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilib, sudning qarori eʼlon qilindi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudining raisi T. Obidov tomonidan chiqarilgan sud qaroriga muvofiq Sh. O. va R. A. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 189-1-moddasi (tazyiqni, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish), 189-2-moddasi (jins boʻyicha kamsitishni targʻib qilish), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining oʻz xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik koʻrsatish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Vaynerlar, shuningdek, ushbu chiqishlari haqida qisqa izoh berib, uzr soʻragan.
“Biz uch-toʻrt kun avval ijtimoiy tarmoqdagi sahifamizga ayol har qanday holatda eriga itoat qilishi kerak, degan mazmundagi videoni joylashtirgan edik. Ushbu videomizda koʻrsatilgan holat Oʻzbekiston gender tengligi toʻgʻrisidagi qonunga zid ekan. Shuning uchun ushbu video internet foydalanuvchilari tomonidan salbiy izohlarga sabab boʻldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan uzr soʻraymiz va kelajakda bunday video olmaslikka soʻz beramiz”, – degan vaynerlar.