x

Oliy sud 2023-yilda sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2023-yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 73 797 nafar shaxsga nisbatan 58 418 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 1 244 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi.

Sudlangan shaxslar soni 55 763 nafarni tashkil etib, shundan 17 396 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 37 077 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 1 290 nafar shaxs shartli hukm qilindi. Sudlangan shaxslarning 49 297 nafari erkak, 6 466 nafari ayol, 20 922 nafari yoshlar (shu jumladan 1 911 nafari voyaga yetmagan) va 2 123 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslar.

Shuningdek, 7 362 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi, 33 612 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12 286 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi va 13 522 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi. 

272 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. Hisobot davrida ko‘rilgan jinoyat ishlarning aksariyatini firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘g‘rilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, bezorilik, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish va pora berish bilan bog‘liq jinoyatlar tashkil etadi.

Yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 14 698 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi. Yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan 8 586 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

Apellyatsiya tartibida 15 720 nafar shaxsga nisbatan 10 843 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 1 715 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 3 556 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan kassatsiya tartibida 5 855 nafar shaxsga nisbatan 5 130 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 1 143 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 509 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

Shuningdek, kassatsiya instansiyasida 467 nafar shaxsga nisbatan 402 ta jinoyat ishi takroran ko‘rib chiqildi. 288 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 121 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.

To Top ↑
To Top ↑