Pop tumanidagi bog‘chada muassasa direktori xodimlarni xizmat vazifalariga kirmaydigan ishlarga jalb qilgani aniqlandi. Unga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyati Pop tumanidagi yangi bog‘chada xodimlar og‘ir ishlarni qilishga majburlanayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Suratlarda ayol xodimlarning supurayotgani, derazalarni artayotgani, og‘ir toshlarni va chiqindilarni tashiyotgani va yer chopayotganini ko‘rish mumkin.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirarkan, 56-sonli davlat bog‘chasi direktori muassasa ochilish marosimiga tayyorgarlik ko‘rish uchun xodimlarni obodonlashtirish, bezak ishlarini bajarilishga jalb etganini ma’lum qildi.
O‘rganish natijalari yakunida tashkilot rahbari xodimlarni Mehnat kodeksining 115-moddasiga zid ravishda mehnat shartnomasida ko‘rsatilmagan va o‘z xizmat vazifalari doirasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilingani aniqlangan.
Unga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 49-moddasi (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 1-qismi bilan ma’muriy jarima (BHMning besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda) qo‘llanilgan.