Husan Mirzahabibov o‘z rasmlarida qo‘lida bolasi bor falastinlik ayol va Falastin bayrog‘ini tasvirlagan.
Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ushbu videoni ulashgan o‘zbekistonlik yigit Jizzax viloyati Zomin tumanida yashovchi 19 yoshli Husan Mirzahabibovdir. U kubik-rubiklar orqali falastinlik ona va uning bayrog‘ini tasvirladi.
Bu yigit avvalroq ko‘plab mashhur shaxslar, jumladan, Temuriylar saltanati asoschisi Amir Temur, O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimov va hozirgi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev siymosini aks ettirgan portretlari bilan mashhur.
Turk matbuotida Husan Mirzahabibov G‘azo sektorida davom etayotgan mojarolarga befarqmasligi va bu surat orqali ularning orzu-umidlarini gavdalantirmoqchi bo‘lgani, qayd etilgan.
Falastinlik ayolning surati ijtimoiy tarmoqlarda 10 million martadan ortiq tomosha qilingan. Bu asarni yaratish uchun 1500 ga yaqin kubik-rubik ishlatilgan, ish taxminan 8 soat davom etgan.
Biroq ayni paytda Mirzahabibovning instagram sahifasida ushbu video o'chirilgan. Buning sababi hozircha noma'lum.
Yigitning ta’kidlashicha, uning ishi paydo bo‘lgach, Falastinning Toshkentdagi elchisi Javod Muhammad Avad uni elchixonaga taklif qilgan va Falastin muammosiga e’tibor qaratgani uchun o‘z xalqi va prezident nomidan minnatdorchilik bildirgan.