Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi xabariga ko`ra, 2024 yil 18 yanvar kuni soat 22:00-24:00 oralig`ida Sariosiyo tuman ixtisoslashtirilgan maktab-internatida yotoqxonasida yotuvchi 32 nafar o`quvchida sog`lig`i bilan bog`liq ko`ngil aynishi, oshqozonda va qorinda og`riqlar kuzatilgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat bo`yicha maktab-internat hamshirasi birinchi yordam ko`rsatgan. Qo`shimcha yordam uchun tez yordam xodimlarining ko`rsatmasiga ko`ra tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Ma'lumot o`rnida maktab-internat oshxonasida autsorsing asosida “Azizbek Omad uchquni” MChJ faoliyat olib boradi.
Joriy yilning 19 yanvar kuni Sariosiyo tuman Sanitariya va epidemologiya osoyishtalik markazi tomonidan maktab-internat oshxonasining sanitariya holati to`liq o`rganilib, 18 yanvar kuni o`quvchilarga berilgan nonushta, tushlik va kechki ovqat namunalari tahlil uchun olingan.
"Hozirda barcha o`quvchilarning sog`ligi yaxshi, dars jarayonlarda faol ishtirok etishmoqda. Shuni alohida ta'kidlaymizki, vaziyat IIB, SES hamda Ixtisoslashtirilgan ta'lim muassasalari agentligi tomonidan nazoratga olingan", - deyiladi xabarda.