Gabriel Attal Fransiyaning yangi bosh vaziri etib tayinlandi. Xabarga ko‘ra, tegishli qarorni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron qabul qilgan. 8-yanvar kuni Makron 2022-yilning may oyidan beri bosh vazir lavozimida ishlab kelgan Elizabet Bornni lavozimidan ozod qildi. 34 yoshli Attal shu paytgacha ta’lim vaziri sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Eng yosh bosh vazir
Attal Fransiya tarixidagi eng yosh bosh vazir bo‘ldi. U 1984-yilda 37 yoshida Vazirlar Mahkamasi rahbari etib tasdiqlangan Loran Fabiusdan ham yoshdir.
Attal 1989-yil 16 martda Fransiyaning Klamar shahrida tug‘ilgan. Uning otasi, advokat Iv Attal — tunislik yahudiy oilasida tug‘ilgan. Onasi, pravoslav xristian Mari de Kuriss, ishlab chiqarish kompaniyasida ishlagan, Odessadan Fransiyaga ko‘chib kelgan oq muhojirlar oilasidan edi.
Attalning uch nafar singlisi bor. U poytaxtdagi Siyosiy fanlar institutida tahsil olgan. Shuningdek, u Parij II (Panteon-Assas) universitetining huquqshunoslik darajasiga ega.
Siyosiy martaba
Attal siyosiy faoliyatini Sotsialistik partiya saflarida boshlagan. Makron tomonidan “Marshdagi Respublika” yaratilganidan beri u davlat rahbarining ishtirokchisi va yaqin ittifoqchisiga aylandi. Prezidentlik harakatidan yosh siyosatchi parlamentga saylangan. 2020-yilda Makronning taklifi bilan Attal davlat kotibi va hukumatning rasmiy vakili bo‘ldi, bu uning kelajakdagi faoliyatini oldindan belgilab berdi.
2022-yil may oyida u Iqtisodiyot vazirligida davlat hisobi bo‘yicha vazir delegati etib tayinlangan. 2023-yil iyul oyida unga asosiy bo‘limlardan biri — Ta’lim vazirligini boshqarish ishonib topshirilgan.
Bu lavozimlarda Attal malakali, baquvvat va maqsadli siyosatchi sifatida obro‘ qozongan. BFMTV ta’kidlaganidek, Attal hozirgi hukumat orasida eng mashhur vazirdir.
“U qo‘l urgan hamma narsani tartibga soladi”, — deydi hukmron partiya vakillaridan biri.
Siyosiy tahlilchilar fikricha, Attalning yangi lavozimidagi asosiy vazifalaridan biri iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Yevropa parlamentiga saylovlarda hukmron “Renessans” partiyasining muvaffaqiyatini taʼminlash bo‘ladi.