x

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning vorisi masalasi koʻpdan buyon siyosiy davralarda muhokama qilib kelinadi. Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati bu borada oʻz xulosasini eʼlon qildi. Unga koʻra, Kim Chen Inning 10 yoshli qizi Kim Chju E boʻlajak davlat rahbari sifatida tayyorlanmoqda.

2022-yildan KXDR “dohiy”sining qizi muhim siyosiy va harbiy tadbirlarda otasiga hamrohlik qila boshladi. Oʻtgan yili u goh rahbar otasi bilan birinchi harbiy razvedka sunʼiy yoʻldoshini uchirishga tayyorgarlikni koʻzdan kechirgan boʻlsa, goh armiyaning jangovar shayligini tekshirishda qatnashdi.

“Kim Chju Ening jamoatchilik nigohidagi faoliyati hamda unga koʻrsatilayotgan hurmat darajasini sinchkovlik bilan tahlil qilish xulosalariga tayanib, u eng munosib voris sifatida koʻrilayotganini taxmin qilish mumkin”, – deyiladi Janubiya Koreya josuslik idorasi bayonotida.

Janubiy Koreya birlashish vaziri Kim Yon Xo ham 2023-yil dekabr oyida tashkil qilingan matbuot anjumanida shunday xulosa bergan edi. 

Shimoliy Koreya matbuoti avvalroq Kim Chen Inning qizini “sevimli” deb sifatlagan boʻlsa, keyingi vaqtlarda unga nisbatan “hurmatli” nisbasini qoʻllamoqda. Tahlilchilar buni jiddiy ishora deb baholamoqda. Chunki Kim Chen Inning oʻziga nisbatan “muhtaram oʻrtoq” sifati u mamlakatning boʻlajak rahbari sifatida uzil-kesil tan olingandagina ishlatila boshlagan.

Kim Chen In hali nisbatan yosh, yana ikki kundan keyin, 8-yanvarda u 42 ga toʻladi. Ayni shu jihatga eʼtibor qaratgan The New York Times gazetasi Shimoliy Koreyada vorisiylik borasida kutilmagan oʻzgarishlar roʻy berishi ehtimolini ham soqit qilmagan.

Shimoliy Koreya patriarxal qarashdagi davlat sanaladi. Bu jihatdan hukumat tepasiga ayol kishining kelishini jamiyat birdaniga qabul qila olmasligi mumkin. Sky News tahliliga koʻra, 10 yoshli qizini muntazam ravishda yonida olib yurish orqali Kim Chen In, avvalo, qizaloqqa shohona boshqaruv rasm-rusumlarini oʻrgatmoqda. Qolaversa, u jamoatchilikni ham ayol yetakchi timsolini qabul qilishga ruhan hozirlayotir. 

Bunga qadar “dohiy”ning 36 yoshli singlisi, hozirda Shimoliy Koreya Mehnat partiyasi Markaziy qoʻmitasining targʻibot va tashviqot boʻlimi rahbari oʻrinbosari lavozimida ishlayotgan Kim Yo Chjon ehtimoliy voris oʻlaroq koʻrilgan edi. 2020-yilda ham Kim Chen In yurak jarrohligi operatsiyasidan keyin oʻlim toʻshagida yotgani, uning oʻrnini singlisi egallashi haqida ovoza tarqalgandi.

Kim Chen Inning ukasi Kim Pxyon Ir esa “zaxiradagi voris” deb baholangani maʼlum.

Shimoliy Koreya xalq demokratik respublikasi taʼsis etilgan 1948-yildan buyon oʻlkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Kim Ir Sen 1948–1994, Kim Chen Ir 1994–2011-yillarda rahbarlik qilgan. Bobosi va otasidan qolgan “taxt”ni  2011-yilda Kim Chen In egallagan. Shimoliy Koreya aholisi ongiga Kim sulolasi vakillari tomirida muqaddas qon oqishi, ular mamlakat boshqaruviga ilohiy kuchlar tomonidan yoʻllangani haqidagi choʻpchaklar singdiriladi. Shunga koʻra aksar tahlilchilar mazkur sulolaning toʻrtinchi avlodi ham oliy hokimiyatni egallashiga shubha qilmaydi.

To Top ↑
To Top ↑