Oʻzbekiston rasmiylari chekka hududlardagi maktablar va maktabgacha taʼlim muassasalarigacha transport qatnovini yoʻlga qoʻyish rejasidan voz kechdi. Prezidentning 29-dekabrdagi farmoni bilan ushbu band 2022−2026-yillarda Yangi Oʻzbekistonni rivojlantirish strategiyasidan chiqarib tashlandi.
100 ta maqsadni oʻz ichiga olgan strategiya davlat rahbarining 2022-yil yanvar oyi oxiridagi farmoni bilan tasdiqlangan. Chiqarib tashlangan band 41-maqsadda — “Maktablarni rivojlantirish milliy dasturini joriy etish orqali xalq taʼlimi tizimida qoʻshimcha 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratish”da aks etgan.
Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda maktab avtobuslarini yoʻlga qoʻyish masalasi muntazam koʻtarib kelinmoqda. Bunday amaliyot koʻplab mamlakatlarda mavjud. Bu bolalar xavfsizligini taʼminlash va koʻchalarda transport vositalari sonini kamaytirishga yordam beradi.
2018-yilning yozida oʻsha paytdagi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov maktab avtobuslari qatnovini yoʻlga qoʻyish hali “rejada yoʻq” ekani, biroq Toshkentdagi avtobus yoʻnalishlari barcha maktablarni qamrab olgani haqida xabar bergandi.
Oʻsha yilning noyabr oyida mamlakatdagi barcha maktablar oʻquvchilarni tashish uchun avtobuslar bilan taʼminlanishi haqida xabarlar paydo boʻlgan, ammo Xalq taʼlimi vazirligi matbuot xizmati buni darhol rad etgan. “Ushbu tashabbus birinchi navbatda chekka hududlardagi maktablarga taalluqli”, — deyilgandi vazirlik xabarida.
Oʻtgan yilning yozida Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka nomzod sifatida Nukusda saylovchilar bilan uchrashuvda Qoraqalpogʻiston chekka qishloqlardan bolalarni tashish uchun maktab avtobuslari joriy qilinadigan birinchi hudud boʻlishini aytgandi.
2021-yilda YUNISEF va IIV YHXBB maktablar yaqinidagi yoʻllar xavfsizligi boʻyicha soʻrov oʻtkazgan. Aksariyat respondentlarning (Toshkentda — 60 foiz) maktabga olib boruvchi yoʻllarni xavfsiz emas deb hisoblashi maʼlum boʻlgan. Oʻquvchilarning katta qismi maktabga piyoda boradi.
Normal jamoat transporti yoʻlga qoʻyilmagani va oʻz avtobuslari va mikroavtobuslari yoʻqligi sababli hududlardagi maktab va bogʻchalarga bolalarni tashishda koʻpincha Damas va yengil avtomashinalardan foydalaniladi. Baʼzi haydovchilar ularga 20 dan ortiq bolani sigʻdira olgan.