x

Ombudsman to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmagan ota-ona o‘rniga ta’lim xarajatlarini qoplayotgan farzandlarga ham soliq imtiyozi qo‘llanilishini taklif qilmoqda. Bu haqda Ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga fuqarolardan kelayotgan murojaatlar muntazam tahlil qilinib, bildirilgan muammolarni tizimli bartaraf etish maqsadida takliflar ishlab chiqilishi qayd etilgan.

Ijtimoiy huquqlarni ta’minlash, jumladan ta’lim uchun kontrakt to‘lovi, bo‘lib-bo‘lib to‘lash, imtiyozlar berish kabi masalalar yuzasidan shu kungacha yuborilgan murojaatlar o‘rganilganda doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan ota-onalarning ta’lim kreditlarini so‘ndirishda muammolari mavjudligi aniqlandi.

Soliq qonunchiligiga muvofiq, ota-onalar OTMlarda ta’lim oluvchi farzandlariga kontrakt to‘lovlarini o‘z oylik ish haqidan to‘lasa, 12% daromad solig‘ini qaytarib olishlari mumkin. Bu tartib o‘zi ishlab, kontraktini to‘lagan talabalar va turmush o‘rtog‘i uchun kontrakt to‘laganlarga ham amal qiladi.

Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlarda ota-onaning doimiy daromad manbai bo‘lmaganligi sabab, kredit to‘lovlari boshqa farzandlar tomonidan to‘lanayotgani aniqlanmoqda. Bunday hollarda esa mazkur soliq imtiyozi qo‘llanilmaydi.

Shundan kelib chiqib, Ombudsman ta’lim xarajatlarini qoplayotgan boshqa farzandlar, ya’ni opasi, singlisi, akasi, ukasining o‘qishiga yordam berayotgan aka-uka va opa-singillarga nisbatan ham soliq imtiyozini qo‘llashni taklif qilmoqda.

2023-yilning avgustidan yoshidan qat’i nazar farzandlarining ta’lim tashkilotlarida ta’lim olishlari uchun yo‘naltiriladigan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritildi.

To Top ↑
To Top ↑