Kecha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi binosida “Sen kuchlisan” koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.
Ushbu koʻrgazmaning koʻngilli aʼzolaridan biri, jurnalist Abror Zohidov “bunaqa koʻrgazmani koʻrmaganmiz: suratlar talash boʻldi”, deya taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
Maʼlumot uchun ushbu koʻrgazmada bemor bolalar tomonidan chizilgan suratlar kim oshdi savdosiga qoʻyiladi. Suratlar sotuvidan tushgan mablagʻ esa ularning davolanishlari uchun ishlatiladi. Anʼanaga koʻra, surat xaridorlar tomonidan sotib olinadi va mablagʻlar topshirilgach, rasmlar egalariga qaytarib beriladi. Yaʼni rasmni keyingi koʻrgazmalarda ham taqdim etish mumkin boʻladi.
Kechagi koʻrgazmada suratlarni xarid qilgach, ularning mualliflarini sahnaga taklif etib, shu yerning oʻzida mablagʻlar topshirildi.
Asosiy lot boʻlgan “Umid” nomli surat haqiqiy talash boʻldi. Oʻzini tanishtirmay telefon orqali qatnashgan xaridor bilan tadbirdagi savobtalab inson oʻrtasida kurash ketdi. 1 mln soʻmdan boshlangan kimoshdi savdosi 21 mln soʻmda toʻxtatildi va zaldagi Bobur Rahimov ismli yigit gʻolib deb eʼlon qilindi. Sirli xaridor ham hammani hayratda qoldirdi – u ham 21 mln soʻm xayriya qilishini bildirdi.
Ushbu surat avval ham rekord summaga sotilgandi. Aniqrogʻi dekabr oyi boshidagi koʻrgazmada “Umid” avval OKMK tomonidan 10 mln soʻmga, keyin Toshkent viloyati prokurori Sirojiddin aka Eshquvvatov boshchiligidagi prokuratura xodimlari tomonidan rekord mablagʻ – 11,4 mln soʻmga xarid qilingandi. Ushbu rekord har koʻrgazmada yangilanishi va bolalarga umid bagʻishlashiga tilakdoshmiz!
Maʼlumot uchun: “Umid” nomli bu suratda oqqonga chalingan 12 nafar bolaning panja izlari tushirilgan. Afsuski, bu bolalarning 11 nafari olamdan oʻtishgan.