Jahon yangiliklari
Yaponiyada o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, hozirda keksa aholi soni 30 foizga yetgan. 2050-yilga borib poytaxt Tokiodan tashqari barcha viloyatlarda aholi soni kamayishi kuzatilmoqda. Aholi va ijtimoiy xavfsizlikni o‘rganish milliy instituti har 5 yilda bir marta o‘tkaziladigan tadqiqotlari asosida o‘z prognozi bilan o‘rtoqlashdi. Shunga ko‘ra, so‘nggi 8 yil davomida uzluksiz aholi kamayishini boshdan kechirayotgan mamlakat aholisining 2050-yilga kelib 124 milliondan taxminan 104 millionga kamayishi kutilmoqda.
Tadqiqotlar 47 ta maʼmuriy hududdan iborat Yaponiyada poytaxt Tokiodan tashqari 46 ta prefekturada aholi sonining qisqarishini taxmin qilmoqda. Turli mintaqalardagi o‘n bitta shtatda aholi soni 30 foizga yoki undan ko‘proqqa qisqarishi taxmin qilingan. Eng keskin pasayishlar 42 foiz bilan Akita, 39 foiz bilan Aomori va 35 foiz bilan Kochida kuzatiladi.
Aholi qishloq hududlaridan ketib qolmoqda
Yaponiya tadqiqot instituti (JRI) vakili Fujinami Takumi o‘z bayonotida yoshlarning qishloqdan qochib ketishining oldini olishda biznes muhim rol o‘ynashini aytdi. Fujinami mahalliy hududlardagi kompaniyalar o‘z bizneslarini rivojlantirish va ish o‘rinlarini yaratish uchun yangi sarmoya kiritishlari kerakligini ta’kidlagan.
Mamlakatdagi ijtimoiy funksiyalar xavf ostida
2023-yil boshida Yaponiya Bosh vaziri Kishida Fumio Yaponiya tug‘ilish darajasining pasayishi tufayli “o‘zining ijtimoiy funksiyalarini yo‘qotish arafasida” ekanligini va shuning uchun ular bolalarni tarbiyalash siyosatiga e’tibor qaratishlarini e’lon qilgan edi.
Kishida, “Mamlakatimiz iqtisodiyoti va jamiyatining barqarorligi, inklyuzivligini hisobga olgan holda, bolalarni tarbiyalash bizning eng muhim siyosatimizdir” dedi.
Mamlakatda 2022-yilda tug‘ilganlar soni birinchi marta 800 mingdan pastga tushgan bo‘lsa-da, 2022-yil boshida taxminan 124,77 million kishilik Yaponiya aholisining 29 foizi 65 yosh va undan kattalar sifatida qayd etilgan. Aholining 11,6 foizi 0-14 yosh guruhida kuzatilmoqda.
Yaponiya jamiyatida keksalar deb belgilangan 65 va undan katta yoshdagi aholi dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Peshqadam Yaponiyadan keyin 24,1 foiz bilan Italiya va 23,3 foiz bilan Finlyandiya bormoqda.
Aholi va ijtimoiy xavfsizlikni oʻrganish milliy instituti maʼlumotlariga koʻra, 2040-yilga borib Yaponiyada 65 yosh va undan katta yoshdagilarning umumiy aholiga nisbati 35 foizdan oshadi.