Jahon yangiliklari
Qirgʻizistonning Bishkek shahrida stomatologga tishlarini tozalatish uchun borgan 3 yoshli qizcha vafot etdi. Bu haqda “AKIpress” xabar berdi.
Holat yuzasidan buvisi politsiyaga murojaat qilgan. U tibbiyot xodimlari oʻz kasbiy burchlarini lozim darajada bajarmaganliklari sababli uning nabirasi vafot etganini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Qirgʻiziston Jinoyat kodeksining 146-moddasi (tibbiyot yoki farmatsevtika xodimining kasbiy majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ekspertiza natijalariga koʻra huquqiy baho beriladi.
Taʼkidlanishicha, ota uch yashar qizini “tishlarini tozalatish” uchun stomatologga olib kelgan, qizga umumiy narkoz qilingan, shundan keyin u uygʻonmagan.
Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligi oʻlim fakti boʻyicha vazir maslahatchisi boshchiligida komissiya tuzilganini maʼlum qildi. Jabrlanuvchilar borgan stomatologiya klinikasi faoliyati ushbu ishning holatlari aniqlanguniga qadar toʻxtatildi.