Eronda erini oʻldirganlikda ayblanib hibsga olingan Samira Sabzian qatl etildi.
The Mirror nashrining yozishicha, Eronda “bola kelin” nomi bilan tanilgan 29 yoshli Samira Sabziyon dorga osish yoʻli bilan qatl qilingan. U erini oʻldirgani uchun 10 yil avval oʻlimga hukm qilinib, shu vaqtga qadar qamoqda saqlanayotgandi.
Tehron ayolning qatl etilganini rasman eʼlon qilmagan, Eron matbuoti ham bu haqda xabar bermagan.
Gazetaning yozishicha, qatl mamlakatdagi eng yirik qamoqxonalardan birida amalga oshirilgan.
Samira Sabziyon 15 yoshida turmushga berilgan. U, qarindoshlarining soʻzlariga koʻra, doimiy ravishda oilaviy zoʻravonlikka duchor boʻlgan.
19 yoshida Samira erini oʻldirishda ayblanib hibsga olindi va qizga darhol oʻlim jazosi berildi. Uning ijrosi esa keyinga qoldirildi.
Hibsga olingan paytda Samira Sabziyonning ikki farzandi bor edi. U oʻn yilni qamoqda oʻtkazdi, unga qatl qilinishidan biroz oldin bolalari bilan bir marta koʻrishishiga ruxsat berilgan.
BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi voqeadan tashvish bildirdi. Departament Eronni oʻlim jazosi uchun moratoriy joriy etishga chaqirdi.
Inson huquqlari tashkilotlariga koʻra, 2023-yilda Eronda 18 ayol qatl etilgan. Tehron bunday statistikani eʼlon qilmagan.