x

Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “2024-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi qonuni muhokamasi jarayonida xususiy sektorda ishlovchi ayollarning homiladorlik va tugʻish nafaqalari (dekret) miqdori qisqartirilgani koʻpchilikda savollarni tugʻdirganiga eʼtibor qaratildi.

Holbuki, bu qisqartish real hisob-kitoblar, yaʼni joriy yilgi oʻzlashtirish darajasini inobatga olgan holda belgilangan. 

“Lekin, toki Budjet loyihasi eʼlon qilingunga qadar xususiy sektorda ishlovchi ayollarning dekret puli bilan bogʻliq real holatni tegishli idoralar jamoatchilikka taqdim etganini eslay olmaymiz. Masalan, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi ushbu masala bilan qiziqmagan. Nega oʻzlashtirish kam boʻlyapti, xususiy sektordagi ayollarimiz davlatning bu kafolatidan qanchalik xabardor, xususiy korxonalar bu masalaga qanday yondashyapti, degan savollar doirasida keng qamrovli muhokamalar boʻldi, deya olmaymiz. Vaholanki, mutasaddi vazirlik, idoralar bunga birinchi navbatda eʼtibor qaratishlari kerak edi. Hamma, ayniqsa xususiy sektorda rasman mehnat qilayotgan ayollarimiz bilib qoʻyishlari kerak: homiladorlik va tugʻish nafaqalari – bu davlat kafolati va har qanday holatda ham toʻlab beriladi. Boshqacha talqinga oʻrin yoʻq”, – dedi Senat raisi.

Davlat budjetida koʻrsatilgan har bir raqamning asosi, mazmuni va ahamiyatini aholiga tushuntirish kerakligi majlisda alohida taʼkidlandi.

Avvalroq 2024-yilgi budjet loyihasida xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga davlat tomonidan homiladorlik va tugʻruq nafaqalari toʻlanishi uchun 100 mlrd soʻm ajratilayotgani muhokamalarga sabab boʻlgandi. Chunki ushbu xarajatlar uchun 2023-yilgi davlat budjetida 300,7 mlrd soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu holatni 2023-yilning haqiqiy xarajatlari inobatga olingani bilan izohlagandi.

To Top ↑
To Top ↑