Ijtimoiy tarmoqlarda 2009-yilda tug'ilgan, 7-sinf o'quvchisi D.K. (qiz bola) unashtirilmoqda, degan mazmundagi video tarqaldi.
Aniqlanishicha, holat Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida bo‘lib, mas’ullar tomonidan joyiga borib o‘rganish o‘tkazilganda, qizchaning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosim ekanligi to‘g‘risida tushuntirish berdilar.
D.K ning ota-onasi ayolni turmushga chiqishiga majburlash uchun jinoiy javobgarlik mavjud ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildilar. Shuningdek, D.K. ning ota-onasi o‘z tushuntirishida videodagi holat to‘y yoki unashtiruv marosimi emasligi va qizini erta turmushga berish niyati yo‘qligi, unga ta’lim berish va shifokor bo‘lib yetishishi niyatida ekanliklarini ma’lum qildilar.
Shu bilan birga, respublikamizning bu hududida qizlarni unashtiruv marosimini erta o‘tkazish urf-odatlari qisman bo‘lsada saqlanib kelayotganini inobatga olib, mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani o‘z nazoratini davom ettiradi.
Jumladan, bu oilada bolaning jismonan va ma’nan sog‘lom muhitda parvarish qilinishi, uning ta’lim olish huquqi hamda kelgusida o‘z hayoti bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilish huquqi ta’minlanishi kuzatib boriladi.
Bolalar ombudsmani qizlarni erta turmushga berish holatlariga mutlaqo murosasiz bo‘lib, shunday fikrda bo‘lgan ota-onalarni nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish uchun qonunan javobgarlik belgilanganligi haqida ogohlantiradi