Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida er-xotin va ularning ikki qizi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Bolalarolami.uz”ga xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, holat 15-dekabr kuni soat 13:00 larda O‘zbekiston tumani, “Obod” MFY, Ibrat ko‘chasi, 21-uyda sodir bo‘lgan. Er-xotin M.M. va J.N. hamda ularning voyaga yetmagan ikki qizi yashash xonadoni yotoqxonasida is gazidan zaharlanib, vafot etgan. Ma'lum bo'lishicha, halok bo'lgan erkak 1971-yilda, ayol 1988-yilda, katta qiz 2006-yil va kichik qizaloq 2023-yilning 29-iyul kuni tug'ilgan bo'lgan. Ko‘zdan kechirish davomida marhumlar istiqomat qilgan xonadonning yotoqxona va yuvinish xonalari qo‘lbola usulda temirdan yasalgan isitish pechiga tabiiy gaz tarmog‘i tortilib, isitib kelingani, yashash xonasi eshik va deraza romlari alyuminiy profildan ishlangani maʼlum bo‘ldi.
Yong‘inga qarshi kurash jamiyati tuman hududiy bo‘limi texnik xavfsizligi muhandisining xulosasiga ko‘ra, ko‘zdan kechirishda mazkur qo‘lbola isitish pechlarida tabiiy gaz yoqilgan holatda bo‘lgani, uning dudburoni nostandart holatda tashqariga chiqarilgani va natijada gaz to‘liq yonmasdan, is gazi nazoratsiz tarqalishiga sababchi bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki maʼlumotnomasiga ko‘ra, fuqarolarning o‘limi is gazidan o‘tkir zaharlanish oqibatida yuzaga kelgani aniqlangan. Tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.