Mahalliy yangiliklar
Prezident yordamchisi Saida Mirziyoeva lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosi islohoti bo`yicha bahs va tortishuvlarni to`xtatib, ayrim o`zgarishlarni joriy etish zarurligini aytdi. U bu haqda 11−12 dekabr' kunlari Toshkent shahrida o`tkazilayotgan jadidchilik harakati va g`oyalariga bag`ishlangan konferentsiyada gapirdi.
Saida Mirziyoeva tadbir avvalida nutq so`zlarkan, zalda o`tirganlarga taqdimotda ko`rsatilgan «O`zbekiston» nomlaridan qaysi biri to`g`ri yozilgani haqidagi savol bilan yuzlandi. U butun boshli davlat va millatning nomi turli joylarda har xil va noto`g`ri yozilishini, shuning uchun ham buni tuzatish zarur ekanini ta'kidladi.
«Chunki gap bizning millatimiz, g`ururimiz, yurtimiz nomi haqida ketyapti. To`g`ri, alifbo islohoti yangi bahslar, tortishuvlar, ko`zda tutilmagan moliyaviy xarajatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Lekin yana bir bor ta'kidlayman, gap vatan va millat nomini to`g`ri yozish haqida ketar ekan, bunday bahs va tortishuvlarni bas qilishimiz, alifbodagi ayrim o`zgarishlarni joriy etishimiz va shu bilan alifbo masalasiga qat'iy nuqta qo`yishimiz zarur, deb hisoblayman», — dedi davlat rahbari yordamchisi.
U nutqi davomida tarixda yo`l qo`yilgan bu xatolarni tuzatish uchun siyosiy iroda, imkoniyat va sharoit borligini va bir musht bo`lib harakat qilish kerakligini qayd etdi.
«Biz o`tmishda juda ko`p xatolar qildik, yurt ravnaqi, millat taraqqiyoti yo`lida xizmat qilganlarni xor qildik, ziyolilarni, jadidlarni qirib, o`qituvchilarni qulga aylantirdik. Tarixda yo`l qo`yilgan bu xatolar hali uzoq vaqt o`z ta'sirini ko`rsatsa kerak, menimcha. Lekin bir narsa aniq: ushbu xatolarni tuzatish uchun bugun siyosiy iroda, imkoniyat va sharoit bor. Agar biz bu imkoniyatni qo`ldan boy bersak, umumiy g`oyalar atrofida birlashmasak, oddiygina qilib aytganda, bir kuch, bir musht bo`lib harakat qilmasak, kelajak bizni kechirmaydi», — dedi Saida Mirziyoeva.
Ma'lumot uchun, ushbu konferentsiya Milliy mass-mediani qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Qatag`on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, O`zFA va Turkiy davlatlar tashkiloti hamkorligida o`tmoqda. Unda AQSh, Yaponiya, Turkiya, Qirg`iziston, Qozog`iston va Ozarbayjon davlatlaridan tadqiqotchi va olimlar ishtirok etishi kutilyapti.
Eslatib o`tamiz, bundan 2 yil muqaddam lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosiga o`zgartirishlar kiritish to`g`risidagi qonun loyihasi jamoatchilikka e'lon qilingandi. Taklifda bir necha harflarni o`zgartirish, alifboni qulaylashtirish masalasi ilgari surilgan.
Bosh vazir Abdulla Aripov barcha vazirliklar, idoralar va tashkilotlar, shuningdek, Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi, Toshkent va viloyatlar hokimliklariga lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosiga o`tishni tezlashtirish bo`yicha topshiriq bergan. Oldinroq ushbu vazifani 2022 yil dekabriga qadar bajarish ko`zlangan edi.