Qashqadaryo viloyatining G`uzor tumanida yashovchi Asliddin Muhammadiyev va Sojida Ismatovalar oilasida 2022 yilning 24 iyun' kuni uch nafar egizak dunyoga kelgan. Qarshi shahridagi roddomda tug`ilgan chaqaloqlarning biri — Fotimaxon ismli qizaloq bo`lib, u tug`ilganidan uch kun o`tgach, vafot etdi. Zuhraxon ismli egizaklarning biri tirik bo`lsa-da, FHDY xodimlari aybi bilan o`liklar ro`yxatidan joy oldi, deb yozmoqda «Daryo» nashri.
Qizaloqning bobosi nashr muxbiri bilan suhbatda ushbu voqea sabab Zuhraxon Fahriddinovaning tug`ilganligi haqidagi guvohnomasi yaroqsiz qog`ozga aylangani, buning ortidan oila bir yarim yildan beri sarson-sargardonchilik bo`layotganini aytgan.
Qayd etilishicha, Zuhraxonning vafot etganlar ro`yxatida turgani yaqinlariga 2022 yilning avgust oyida ma'lum bo`lgan.
«Bolalar puli uchun hujjat tayyorlaymiz deb borganda o`g`lim bilib qolyapti-da. Bu bola o`ldi turibdi-ku deyishganda, chopa-chop bo`lib qoldi. Murojaat qilmagshan joyimiz ham qolmadi, uchrashmagan tashkilotimiz ham qolmadi», – deydi bobo.
Uning qo`shimcha qilishicha, uning viloyat prokuraturasiga qilingan takroriy murojaatlaridan so`ng prokuratura Qarshi shahar FHDYo mudirasi ishini o`rgana boshlagan. Ammo ko`p o`tmay, voqea yana bosti-bosti qilingan.
«Viloyat prokuraturasi bularning ustidan jinoyat ish ochgandi. Lekin na bizni tergovga chaqirishdi, na ular bilan yuzlashtirildik. Hech kim so`ramadi. Keyin bilsak imi-jimida rahbari qolib, kambag`al inspektor qizchaga nisbatan chora ko`rishgan ekan», – deydi u.
Viloyat adliya boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shohida Shoimova mazkur voqea sabab 2 nafar FHDYo xodimiga hayfsan berilganini bildirgan.
Ma'lum bo`lishicha, uch nafar egizakning birinchisi noma'lum sabablarga ko`ra tug`ilishi ham, o`limi ham rasmiy hujjatlarda qayd etilmay qolib ketgan. Ma'lumotlar bazasida egizaklarning ikkinchi va uchinchisiga oid qaydlar topilgan xolos. Birinchi farzandning o`limini qayd etishda axborot tizimida ikkinchi farzand Z.F.ning JShShIRi ko`rsatilgani sababli unga nisbatan «vafot etgan» degan ma'lumot shakllangan. Mazkur holat yuzasidan boshqarma tomonidan o`rganilib, shu yil noyabr' oyida birinchi farzand F.F.ning tug`ilishi va o`limi qayd etilgan. Axborot tizimida ikkinchi farzand Z.F. ning vafot etganligi bilan bog`liq ma'lumotlarga tuzatish kiritilgan.
Biroq egizaklarning bobosi «Daryo» muxbiri bilan suhbatda nabirasiga nisbatan qo`llanilgan qo`pol xatolik barataf etilganini 2023 yilning 5 dekabr' kuni bilgani aytgan. Aynan shu kundan boshlab oilaning sarsongarchiligi barham topgan.