x

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Bojxona boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida, sifati kafolatlanmagan hamda qalbaki tibbiyot dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo`yildi.

Xususan, Oltinko`l tumanida yashovchi, 1987-yilda tug'ilgan fuqaro boshqaruvidagi «BYD» rusumli avtomashina Andijon shahridagi «Yangibozor» savdo majmuasi oldida to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, uning yukxonasida tegishli hujjatlari bo`lmagan 171 quti «Ferrouz» nomli dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsning yashash xonadonida jami 5593 qutida 8 xil turdagi qalbaki dori vositalari va ularni qadoqlashda foydalaniladigan bo`sh qutilar, turli xildagi dori vositalarining yo`riqnoma va yorliqlari borligi ma'lum bo`ldi.

Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga aloqador bo`lgan 3 nafar fuqaroning yashash xonadonlari hamda ularga tegishli bo`lgan manzillarda ham ko`p miqdordagi qalbaki dori vositalari borligi aniqlandi.

Olib borilgan tezkor-tintuv tadbirlari natijasida umumiy qiymati 700 mln. so`mdan ortiq bo`lgan, jami 14 turdagi 10686 dona dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Mazkur shaxslar o`zaro kelishgan holda yashash xonadonlarida qalbaki dori vositalarini tayyorlab, kelgusida sotish maqsadida Andijon shahridagi tug`ruqxonalar, shifoxonalar, xususiy klinikalar hamda Samarqand, Buxoro, Horazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg`ona viloyatlari va Toshkent shahriga yetkazib berishgan.

Ko`rilgan chora-tadbirlar natijasida 5000 qutidan ortiq qalbaki dori vositalari qaytarib olinib, aholi orasida tarqalishining oldi olindi.

To Top ↑
To Top ↑