Rossiya Davlat Dumasi favqulodda vaziyatlardan tashqari maktablarda mobil telefonlardan foydalanishni cheklovchi qonunni qabul qildi. Bu haqda Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodinga tayanib, «RIA Novosti» xabar berdi.
Qabul qilingan hujjatda aytilishicha, telefonlardan o`quvchilar yoki maktab xodimlarining hayoti yoki sog`lig`iga xavf tug`ilganda, shuningdek, «boshqa favqulodda vaziyatlarda» foydalanish mumkin.
«Ta'lim to`g`risidagi qonunga o`zgartirishlar kiritildi. Darsda mobil telefondan foydalanish taqiqlanadi (favqulodda vaziyatlar bundan mustasno). Ota-onalar va o`qituvchilar ushbu normani qo`llab-quvvatlashini bildirdi. Qabul qilingan qaror farzandlarimiz uchun ta'lim sifatini yanada takomillashtiradi», — dedi Volodin.
Deputatlar, shuningdek, mehnat (texnologiya) fani maktablar ta'lim dasturining majburiy qismiga kiritiladigan tuzatishni ham qabul qildi.
«Mehnat ta'limi ta'lim jarayonining ajralmas qismidir. Agar bola yoshligidan mehnatsevarlikka o`rgatilsa, kelajakda hamma narsa yaxshi bo`ladi», — dedi Davlat Dumasi spikeri.