O‘zgidromet xabariga ko‘ra, shu kunlarda mamlakat hududiga shimoldan bosqichma-bosqich sovuq havo massalarining kirib kelishi kutilmoqda. Havo 9-dekabrdan boshlab sovib, harorat kechasi-yu kunduzi minus ko‘rsatkichga tushib qolishi, qor ham yog'ishi mumkinligi prognoz qilingan.
Unga ko‘ra, 12-14-dekabr kunlari respublikaning katta qismida tunlari -10°S -13°S sovuq, kunduzlari -5°S -8°S sovuq haroratlar kutiladi. Bu sovuqlik toʻlqini joriy yil yanvar oyi oʻrtalaridagi kabi kuchli sovuqlik toʻlqini bo'lmasa-da, shu kecha-kunduzdagi haroratdan birmuncha sovuq ekanligi ma'lum. Shu sababli ota-onalar va o'quvchilar o'rtasida sovuq harorat kuzatiladigan kunlarda maktablarda vaqtincha ta'til e'lon qilinishi yoki dars mashg'ulotlari odatdagidek davom etishi haqida savol yuzaga kelmoqda.
Bolalarolami.uz maktablarda kichik ta'til rejalashtirilgani yoki respublikadagi ta'lim muassasalarida sovuq havo oqimiga qanday darajada tayyorgarlik ko'rilgani haqida ma'lumot olish uchun Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi matbuot kotibi Dilfuza Sobirova bilan bog'landi.
Biroq, vazirlikning axborot xizmati rahbari mazkur so'rovga javob bermadi va murojaatimizni e'tiborsiz qoldirdi.
Qo'shimcha ta'til yoki ushbu mavzuda yangilik bo'lsa, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz orqali ma'lum qilamiz.