x

Ijtimoiy tarmoqda Toshkentdagi maktabda ota-onalardan farzandlarining xatti-harakatini nazorat qilish, aks holda jazolanishi haqida tilxat yozdirilayotgani haqida xabar tarqaldi. Bunga Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi izoh berdi.

Unga ko‘ra, so‘nggi paytlarda bolalar ishtirokida sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalari ortib bormoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida bolalar ishtirokida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 167 tani tashkil etib, shundan 7 tasida bolalar vafot etgan.

Shuningdek, yo‘l-transport hodisalarining aksariyati ta’lim muassasalariga qatnov vaqtida sodir etilayotgani ayniqsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari yo‘lni kesib o‘tayotgan vaqtida hamda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmay turib avtomobil minish holatlarida, elektrosamokatlar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasining jabrdiydalariga aylanib bormoqda.

"Yuqoridagi ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda ota-onalar zimmasidagi hushyorlik va mas’uliyatni yanada oshirishni ko‘zlab ularga ta’lim muassasalari ma’muriyati tomonidan ogohlantirish xatlari taqdim etilgan”, deyiladi boshqarmaning munosabatida.

Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi maktab o‘quvchilarining ko‘cha-ko‘yda o‘zini tutishi, yo‘l harakati xavfsizlik qoidalariga amal qilishida ota-onalar ham ko‘proq mas’ul ekanini unutmaslikka chaqirdi.

To Top ↑
To Top ↑