O‘zbekistonda mavsumiy kasalliklar sabab o‘quv muassasalarida ta’lim jarayonini to‘xtatishga asos yo‘q. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“Aholi orasida gripp mavsumi haqida ‘bu — yangi pandemiya’ degan mish-mishlar uchramoqda. Bu gaplar mutlaqo asossiz. Aytish kerakki, bu hatto epidemiya ham emas. O‘tkir respirator kasalliklar tarqalishi poytaxtimizda va yurtimizning ayrim hududlarida ko‘proq qayd etilayotgani kasallik tarqalishi epidemik bo‘sag‘aga yetganiga asos bo‘la olmaydi. Shu sababdan ham o‘quv muassasalarida ta’lim jarayonini to‘xtatishga yetarli asos ko‘rmayapmiz”, — dedi mutaxassis.
Uning ta’kidlashicha, o‘tkir respirator infeksiyalar tarqalishi zanjirini uzishga harakat qilishimiz kerak. Kasallik tarqalishida uch muhim bo‘g‘in bor: kasallik manbai, yuqish yo‘li, yuqtirishga moyil organizm. Agar kasallangan bolalarni maktabga, bog‘chaga, jamoat joylariga yuboraversak, ular boshqalarga infeksiya yuqtirishda davom etadi.
“Har birimiz o‘tkir respirator kasalliklar, xususan, grippni yuqtirishga moyilmiz. Shuning uchun ham ota-onalarga kasallik belgilari bo‘lgan farzandlarini bog‘cha va maktablarga, oliy ta’lim muassasalariga yubormaslikni maslahat beramiz. Bunday paytda shifokor ko‘rsatmasiga asosan, uy sharoitida zarur muolajalarni olib borish maqsadga muvofiq”, — dedi Nurmat Otabekov.
Mutaxassisning qayd etishicha, O‘zbekistondagi barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalarida bemorlar uchun o‘rin-joy va zarur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan. Hozirgi vaziyatda asosiy vazifa: bemorlarni alohidalash, ularni jamoat joylaridan uzoqda tutish. Bemorlar muloqot chog‘ida doim tibbiy niqobda bo‘lishlari, ijtimoiy masofa saqlashlari, shaxsiy gigiyenaga qat’iy amal qilishlari shart.
Nurmat Otabekov kasallikka qarshi emlanish unga qarshi kurashishning samarali usuli ekanini ham eslatib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mavsum oldidan respublikada grippga qarshi vaksinalarning yetarli miqdori shakllantirilgan. Ayni paytda xususiy emlash punktlarida ham 3 xil grippga qarshi vaksina mavjud.