G‘azo sektoridagi 48 kunlik bombardimon davrida 5300 dan ortiq falastinlik bolalar halok bo‘ldi, ammo gumanitar pauza paytida umid paydo bo‘ldi. Anklavda uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatishga erishish kerak. Bu haqda BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ijrochi direktori Ketrin Rassel ma’lum qildi.
“Pauzadan oldin, 48 kun davom etgan bombardimonda 5300 dan ortiq falastinlik bolalar halok bo‘ldi, bu raqam ko‘plab bedarak yo‘qolganlarni o‘z ichiga olmaydi va ular vayronalar ostida qolmoqda, deb ishoniladi. Agar zo‘ravonlik shu darajaga qaytsa, har kuni yana yuzlab bolalar halok bo‘ladi va yaralanadi, deb taxmin qilishimiz mumkin”, deydi Rassel UNICEF veb-saytida e’lon qilingan bayonotda.
Uning qayd etishicha, o‘q ovozi va qon xididan xoli kechgan yetti kun davomida bu dahshatli tushni boshdan kechirgan bolalarda umid uchquni paydo bo‘lgan. Bolalar uzoq muddatli gumanitar o‘t ochishni to‘xtatishga muhtoj. Falastin va Isroildagi barcha bolalar tinchlikka va yaxshi kelajakka umid qilishga loyiqdir.
22 noyabr kuni Falastinning HAMAS harakati Misr va Qatar vositachiligida Isroil bilan G‘azo sektorida to‘rt kunlik gumanitar sulh bo‘yicha kelishuvga erishgani va u 24 noyabrdan kuchga kirganini e’lon qildi. Kelishuvlar Isroil qamoqxonalaridagi bolalar va ayollarni ozod qilish evaziga anklavda saqlanayotgan bolalar va ayollarni ozod qilishni nazarda tutgan. 1 dekabr kuni ertalab Isroil mudofaa kuchlari HAMASni sulhni buzganlikda ayblab, G‘azo sektorida jangovar harakatlarni qayta boshlaganini ma’lum qildi.