Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi bog‘chalarning birida raqs o‘qituvchisi qizning qo‘lini qattiq tortgani uchun ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Yunusobod tumani, 14-mavzedagi 136-sonli DMTTdagi raqs to‘garagiga qatnayotgan qizaloqning raqs o‘qituvchisi uning qo‘lini qattiq tortganidan qizcha qichqirgani bo‘yicha ota-onasi ommaga murojaat yo‘llagan videoxabar tarqalgandi. Holat Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi.
Yunusobod tumanidagi 136-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida mazkur holat bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazilib, Kasaba uyushmasi a’zolari ishtirokida muhokama qilingan. Unda raqs to‘garagi rahbari M.Sh.ga maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 17-oktyabrdagi “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 478-sonli buyrug‘i talablarini buzgani tushuntirib o‘tildi va xodim bilan tuzilgan shartnoma bekor qilindi.