Bolalar ombudsmani Toshkent shahridagi do`konlarning birida onasi tomonidan kaltaklangan qiz holati bo`yicha munosabat bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda gul do`koniga kirib gul so`ragan vaqtida onasi V.A. mast holatda qizi V.I.ni haqoratlab, urgani bo`yicha video tarqaldi.
Aniqlanishicha, holat Mirzo Ulug`bek tumanidagi “Oqibat” mahallasi Markaz-1 dahasida joylashgan do`konda yuz bergan. Shu erda bo`lgan fuqarolar jarayonni videotasvirga olib tarqatgan.
Mazkur holat darhol bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan. Hozirda ona V.A.ning harakatlariga baho berish yuzasidan tuman IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Onasining bunday zo`ravonligidan jabr ko`rgan qizcha Toshkent shahar voyaga etmaganlarga ijtimoiy-huquqiy himoya ko`rsatish markaziga joylashtirildi. Onani esa ota-onalik huquqidan mahrum qilish masalasi ko`rib chiqilmoqda. Davlat har bir bola manfaati ustunligini ta'minlaydi”, — deyiladi bolalar ombudsmani munosabatida.
Avvalroq Namangan tumanida yashovchi ayol o`z farzandini ayovsiz kaltaklagani aks etgan videolar tarqalgandi. Holat bo`yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o`tkazilib, voyaga etmagan S.M. olgan tan jarohati yuzasidan tegishli tartibda sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.