Hukumat qarori bilan “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovini tashkil etish va o`tkazish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Tanlov 10 ta yo`nalishda mahalladagi yoshlar yetakchisi lavozimida kamida bitta mahallada 6 oy davomida faoliyat yuritayotgan, amaliy ish tajribasiga ega mahalladagi yoshlar yetakchilari o`rtasida o`tkaziladi.
Tanlovning, jumladan, “Huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo`lgan va jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoshlar bilan tizimli ishlagan eng namunali mahalla yetakchisi” yo`nalishida ichki ishlar organlari tomonidan yoshlar jinoyatchiligini o`tgan davrdagiga nisbatan joriy yilda kamaygan deb topilgan mahalla yetakchilari qatnashadi.
Har yili 5-sentyabrgacha Yoshlar ishlari agentligi rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida tanlov o`tkazilishi to`g`risida e'lon beriladi. Ro`yxatdan o`tish har yili 5–30 sentyabr kunlari bo`lib o`tadi.
Tanlovning: tuman (shahar) bosqichi – oktyabr oyida, hududiy saralash bosqichi – noyabr oyida, respublika final bosqichi – dekabr oyining birinchi o`n kunligida o`tkaziladi.
Respublika bosqichi g`oliblari quyidagi imtiyozlarga ega bo`ladi: yuqori lavozimga tayinlash uchun kadrlar zaxirasiga kiritish, rivojlangan xorijiy davlatlarning sohaga oid ta'lim tashkilotlariga malaka oshirishga yuborish.
G`oliblar “Mahalla iftixori” ko`krak nishoni bilan taqdirlashga tavsiya etiladi.