Mahalliy yangiliklar
Farg`ona viloyatining Farg`ona tumanida yangi tug`ilgan chaqalaq qirli dalaga tashlab ketildi. Bu haqda “Zamon” dasturida ma'lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 2 noyabr' kuni Farg`ona tumani “Yuqori archa” MFYdagi katta dalaga yangi tug`ilgan, hali kindigi ham kesilmagan qiz bola jinsidagi chaqaloq tashlab ketilgan. Kun botishiga yaqin vaqtda dalani ot bilan aylanib yurgan fuqaro uni topib olgan.
“Yaxshiyam o`sha kuni dalani aylanib yurgan ekanman. Yo`qsa bir yarim soatdan keyin qorong`i tushardi, yaqin atrofda daydi itlar kezib yurgandi”, degan chaqaloqni topib olgan erkak.
U shu zahoti o`g`liga qo`ng`iroq qilgan, o`g`li esa hududiy inspektor hamrohligida voqea joyiga etib kelgan. Inspektor tez yordam chaqirilganiga qaramay vaqtdan yutish maqsadida chaqaloqni o`z shaxsiy mashinasida shifoxonaga olib borgan.
Shifoxonada go`dakning hayoti saqlab qolingan, biroq u uzoq muddat sovuqda qolib ketgani sabab tanasining harorati pasayib ketgani ma'lum bo`lgan.
“Chaqaloq tug`ilishi bilanoq tashlab ketilgan. Uning kindigidagi belgilardan tug`uruq uy sharoitida bo`lgani bilinadi”, deydi bolaga birinchi yordam ko`rsatgan shifokorlardan biri.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan ma'lumotlarda esa chaqaloqning ota-onasi hali maktab o`quvchilari ekani aytilmoqda.
Tahririyatimiz mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida Farg`ona viloyat IIB axborot xizmati boshlig`i Ismoil Sharipov bilan bog`landi. Uning so`zlariga ko`ra, mazkur jinoyatni sodir etgan ayol va bolaning biologik otasi kimligi aniqlangan. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Sizga aytishim mumkin bo`lgani faqat shular, fuqarolarning shaxsi bilan bog`liq ma'lumotlar esa qonunchilikka ko`ra, sir tutiladi”, deydi Sharipov.