x

Huquq himoyachilari – Gulnoz Mamarasulova, Abdurahmon Tashanov va Razzoq Altiyev Kun.uz’ga bergan intervyusida hukumatning bolalar himoyasi yo`lidagi ishlari etarli bo`lmayotganini aytib, bolalar ombudsmaniga ishlash uchun kerakli sharoitlarni yaratib berishga chaqirdi.

Kun.uz:

— O`zbekistonda etim bolalar va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalar, to`liq davlat ta'minotida turgan ixtisoslashtirilgan o`quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilari bilan bog`liq muammolar kamayayotgani yo`q. Ho`sh, bu sohadagi tizimli muammo qayerda o`zi, hukumat nega o`z vasiyligidagi bolalarni himoya qilolmayapti? Nima qilish kerak buning uchun?

Gulnoz Mamarasulova:

— O`zbekistonda bolalar huquqlarini himoya qiluvchi bir qancha tashkilotlar bor. Eng asosiysi bolalar huquqlari ombudsmani. Lekin yaqinda muhokamalarga sabab bo`lgan holat ham bor: bolalar ombudsmani – Aliya Yunusova iste'fo berdi. Bunga uning samarali ishlashi uchun xodimlar va resurslar etmayotgani sabab qilib ko`rsatildi. Rostdan ham butun respublika tashkiloti uchun barmoq bilan sanarli 4-5 ta xodim kamlik qiladi.

Yaqinda viloyatlardan biridagi bolalar bog`chasida zo`ravonlik bo`lgan, menga bu haqda murojaat kelib tushgan. Bolalar huquqlari ombudsmaniga bog`landim. Lekin o`sha payt uning rahbari iste'foga chiqqan. Shikoyat qilish uchun tizim, qanaqadir ishonch raqamlari bormi, deb so`radim. Lekin bunday raqam ishlatilmas ekan. Veb-saytidagi raqamlar ham ishlamagan. Butun bir respublika miqyosidagi tashkilot bu. Ochilayotgan holatlar ijtimoiy faollar orqali yuzaga chiqyapti faqat. Hukumat tomonidan bolalarning xuquqini himoya qiluvchi tizim ishlamayapti,bu og`ir ahvolga olib keladi.

Kun.uz:

— Butun boshli bolalar ombudsmanida shunday holat. Balki unga yordamni pul yig`ib, telefon apparati olib berishdan boshlarmiz.

Gulnoz Mamarasulova:

—Pedofiliyaga qarshi kurashda dunyo davlatlarida turli og`ir bo`lgan jazo choralari, profilaktik tizimlari bor. Umuman, turli yo`l bilan kurash olib borishadi, ya'ni qat'iy, engil bo`lmagan choralar bilan.

Abdurahmon Tashanov:

 

— Muammoni hal qilish uchun oldin uni tan olish kerak, keyin istak bo`lishi kerak. Ana undan keyin ishlash tizimlari ishlab chiqiladi. Ammo bunday tan olishni ham, istakni ham hukumatda ko`rayotganimiz yo`q. Kun.uz yoki boshqa bir nechta saytlar bu katta muammo haqida gapiryapti xolos. Deylik, davlat darajasidagi jamoatchilik faoli Saida Mirziyoevadan boshqalar buni ko`targani yo`q. Ya'ni O`zbekiston hukumati hali bu masalaga muammo deb qarayotgani yo`q. Qachonki shuni tan olsa, davlat dasturi tuzilsa, shunda echimga qarab borishimiz mumkin. Hali bundan tashqari ko`pgina muammolar kutib turibdi. Hukumat terlab ishlashi kerak. Qanaqadir musiqiy festivallar uchun million-milliardlab xarajat ketadi. Lekin bolalar huquqlari ombudsmaniga sharoit yo`q, mablag` yo`q.

Nafaqat bola huquqlari, balki inson huquqlari masalasini ham chuqur ko`rib chiqish kerak. Maktabda o`qitilmaydi, oliy ta'limda o`qitilmaydi, darsliklar yo`q. Jamiyatda, doiralarda bu narsa bo`yicha tushuncha yo`q. Birorta sudga borib, inson huquqlari himoyachisiman, desangiz, ombudsmanmi, deydi, bilmaydi ham. Mana shunday muammolar borligini tan olsa va masalani o`rtaga qo`ysa, shunda hal bo`lishi mumkin, bo`lmasa — yo`q.

Jamoatchilik jazoni kuchaytirishni so`raydi, adolat talab qiladi — ular haqli. Jamoatchilikning talabi — bu masalalar bo`yicha yaxlit siyosat ishlab chiqish. Ombudsmanni kuchaytirish, faqat targ`ibot bilan mashg`ul Respublika inson huquqlari markazi faoliyatini qayta ko`rish kerak. Biz gapiraveramiz, lekin natija bo`layotgani yo`q.

Gulnoz Mamarasulova:

— Abdurahmon akaning fikrlarini qo`llayman. Ombudsman vakolatini oshirish, qonunchilik va jazoni kuchaytirish bilan ham muammo hal bo`lib qolmasligi mumkin. Jahon tajribasida kuzatilgan bu. Bizda pedofiliya, jinsiy daxlsizlik mavzulariga tabu sifatida qarashadi. Kerak bu narsalar.

Razzoq Altiyev:

— O`zbekistonda 18 yoshgacha bo`lgan bolalar 35 foizdan ortiq. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari faqat va faqat davlat himoyasidagi bolalar hisoblanadi. Chet davlatlarda bir oilada bola asrab olmoqchi bo`lsa, juda qattiq tekshiruvdan o`tadi ko`pgina kategoriyalar bo`yicha. Bizda ham tartiblari bor. Lekin mana bunday holatlar ko`payishi biz uchun, tizim uchun uyatli holat.

Nazorat masalasi muhim bu erda. Bolalar ombudsmaniga yangi tayinlangan rahbar ham yaxshi mutaxassis, lekin kerakli resurslar, kadrlar bo`lmasa, respublika bo`yicha nazorat imkoni bo`lmasa, nima qilsin ular? Biz faqat prokuraturaga ishonib qolganmiz. Lekin ko`rinyaptiki, qandaydir sabablarga ko`ra prokuratura voyaga etmaganlar bilan to`liq shug`ullana olmayapti. Shuning uchun ombudsmanga kerakli sharoitlarni yaratib berish lozim. Jamoatchilik vakillari uchun ham bolalar bilan psixolog yordamida suhbatlashish, holatni ko`rish imkoni bo`lish kerak. Bolalarga ham jamiyatga kirish imkonini berish kerakdir, hamma boradigan maktabga borsin, muhitda bo`lsin. Bir hudud qilib, ularga qulaylik yaratyapmiz deymiz, lekin u erda nima bo`layotganidan jamoatchilikning, davlat organlarining xabari yo`q. Mana shu holatlarga chuqurroq kirib borish kerak.

To Top ↑
To Top ↑