Kamchatkada 26 yoshli O`zbekiston fuqarosi ikki yoshli bolasini kaltaklashda ayblanmoqda. Bu haqda “EADaily” xabar berdi.
Yelizovskiy tuman sudi ma'lumotlariga ko`ra, o`zbekistonlik erkak Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 111-moddasi 2-qismi (ruhiy buzilishga olib kelgan qasddan badanga og`ir shikast etkazish, jinoyatchiga nochor ahvoli ma'lum bo`lgan voyaga etmaganga nisbatan kuch ishlatish) bo`yicha ayblangan.
Ish materiallariga ko`ra, o`tgan yilning sentyabr' oyida erkak xotini uydan chiqib ketganidan norozi bo`lgan. U bolasi bilan yolg`iz qolgan va chaqaloq uyg`onib, yig`lay boshlagan. Bundan jahli chiqqan erkak esa bolaning boshi va tanasiga bir necha marta urgan.
Keyinchalik mutaxassislar kaltaklash oqibatida chaqaloqda nevrotik, stress bilan bog`liq kasallik paydo bo`lganini aniqlagan va bu sog`liq uchun jiddiy zarar sifatida tasniflangan.
Sudning qayd etishicha, ayblanuvchi sud jarayonigacha hibsda bo`ladi. Agar erkak aybdor deb topilsa, u 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Rossiyaning Magadan viloyatida 37 yoshli o`zbekistonlik erkak 18 yoshli qizni zo`rlashda gumon qilinib, hibsga olingandi.