Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bolalari chechen tilini bilmaydigan amaldorlarni ishdan bo`shatish bilan tahdid qildi. Bu haqda u 7 noyabr' kuni bo`lib o`tgan chechen tilini bilish bo`yicha tanlovning final bosqichida ma'lum qilgan.
«Chechen tilini ommalashtirish bo`yicha ko`p ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Ammo jamoam vakillarining bolalari ko`pincha chechen tilini bilishmaydi. Bunday amaldorlarni jamoadan bo`shatishni boshlayman».
Qodirovning ta'kidlashicha, birinchi navbatda ota-onalar farzandlariga ona tilini o`rgatishi kerak.
«Biroq bog`cha va maktablarda rus tilidan dars beriladi, ota-onalar esa buni ko`pincha rag`batlantiradi. Bolalar hatto rus tilida o`ylay boshlamoqda», – dedi Checheniston rahbari.
U chechen tilida gapirmaydigan va o`ylamaydigan avlodning kelajagi yo`qligini uqtirgan.
Avvalroq Ramzan Qodirov o`g`li Adam Qodirovni xavfsizlik xizmatida “muhim lavozim”ga tayinlagandi. Bungacha 15 yashar Qodirov Rossiyaning Qorachoy-Cherkesiya Respublikasining oliy davlat mukofoti bilan taqdirlangandi.