Bolalar Toshkent xalqaro aeroporti panjarasi ortida turib samolyotlarni suratga olgan. Ammo shunga qaramay, huquq-tartibot organi xodimlari ularning texnika resurslarini olib qo`yib, 6 nafar bolani alohida avtomashinalarda olib ketgan. Uzbekistan Airports yosh havaskorlarni qo`llab-quvvatlashini bildirdi.
4 noyabr kuni tarmoqlarda Toshkent xalqaro aeroportida samolyotlarni suratga olayotgan 6 nafar bola IIO xodimlari tomonidan ushlangani aks etgan surat va videolar tarqaldi. Jarayonda yosh spotterlarning texnika jihozlari olib qo`yilgani, huquq-tartibot idoralari xodimlarining qo`pol munosabatlariga uchrab, alohida avtomobillarda olib ketilgani xabar qilindi.
Bolalardan birining Gazeta.uz'ga ma'lum qilishicha, ular spotting bo`yicha rasmiy tadbirda qatnashayotgan bo`lgan, ammo shunga qaramay, IIO xodimlari ularni “Qumariq” MFY binosiga olib borib, barcha suratga olish jihozlarini olib qo`yishgan. Bolalarga baqirib, tahdid qilib, haqoratomuz so`zlarni ishlatgan.
Holat yuzasidan “Uzbekistan Airports” munosabat bildirdi. Unga ko`ra, voqea haqiqatan Sergeli tumanidagi Qumariq mahallasi hududida sodir bo`lgan. Bolalar havo bandargohi chegaralarini buzmagan holda Toshkent xalqaro aeroporti panjarasi ortida turib samolyotlarni suratga olgan.
“O`z navbatida, Uzbekistan Airports O`zbekistondagi spotting harakatini qo`llab-quvvatlaydi va yosh avlodning ushbu hobbi bilan shug`ullanishiga to`sqinlik qilmaydi. Yil boshidan buyon Toshkent aeroporti hududida 30 ga yaqin rejali va rejadan tashqari spotting-turlar tashkil etildi. Shuningdek, joriy yilning 14 oktyabr kuni bo`lib o`tgan rejali kuzgi spottingda 6 yoshdan 15 yoshgacha bo`lgan 12 nafar bolalar qatnashganini ham alohida ta'kidlash lozim”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Kompaniyaning eslatishicha, 2022 yil 26 yanvarda Vazirlar Mahkamasining “Aviaspottingni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan, O`zbekistonda spotting harakati rasman qonuniylashtirilgan.