x

Ramzan Qodirovning 15 yoshli o‘g‘li Adam Qodirov xavfsizlik xizmatida “muhim lavozim”ga tayinlandi. Bu haqda Checheniston milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot vaziri Ahmad Dudayev ma’lum qildi.
“Qadrdon ukam Adam Qodirovni Checheniston Respublikasi rahbarining xavfsizlik xizmatida muhim lavozimga tayinlangani bilan chin qalbimdan tabriklayman”, — deb yozgan Dudayev Telegram’dagi sahifasida.
Uning ta’kidlashicha, Adam Qodirov o‘zini “vatanning jasur, qo‘rqmas vatanparvari va o‘z dinini himoya qilishga tayyor shaxs” sifatida ko‘rsatdi. Shuningdek, bir necha bor Maxsus harbiy operatsiya zonasida bo‘ldi.

Ahmad Dudayev mas’uliyatli lavozimga tayinlangani bilan Adam Qodirovni yana bir bor tabriklab, unga bildirilgan ishonchni shubhasiz oqlashini aytdi.

Ramzan Qodirovning 15 yoshli o‘g‘li xavfsizlik xizmatida mas’uliyatli lavozimga tayinlangani haqida Checheniston parlamenti rahbari Magomed Daudov ham yozdi. Ammo u ham aynan qanday lavozimga tayinlanganiga aniqlik kiritmagan.

Ichki ishlar vazirligining Ahmat Qodirov nomidagi Checheniston bo‘yicha maxsus polki komandiri Zamid Chalayev o‘zining Instagram’dagi sahifasida bunga oydinlik kiritib, Qodirovning 15 yoshli o‘g‘li Checheniston rahbarining xavfsizlik bo'limi boshlig‘i lavozimiga tayinlanganini ma’lum qildi.

Oktyabr oyining boshida Adam Qodirov Checheniston Respublikasi Qahramoni unvonini oldi, unvon qahramonlik ko‘rsatgan shaxslarga mintaqa va chechen xalqi oldidagi ulkan xizmatlari uchun beriladi.

Oktyabr oyi oxirida o‘smir millatlararo va konfessiyalararo tinchlik va totuvlikni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun Tataristonning ikkinchi muhim ordeni – «Duslik» bilan ham taqdirlandi.

To Top ↑
To Top ↑