Qirg`izistonning Jalolobod viloyatida ikkita maktab qizamiq kasalligi tufayli masofaviy ta'limga o`tkazildi.
Ma'lum qilinishicha, Jalolobod viloyatidagi 2 va 7-sonli maktablarda qizamiq avj olgani bois shahar Epidemiyasi va epizootiyaga qarshi maxsus komissiya mazkur maktablarda ta'lim jarayonini onlayn shaklga o`tkazish bo`yicha qaror qabul qilgan.
“2 va 7-sonli umumta'lim maktablarida qizamiq bilan kasallanish holatlari ko`p. O`quv jarayoni vaqtinchalik masofaviy formatda olib boriladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu qaror bilan Jalolobod shahar ta'lim bo`limiga bolalarni ommaviy emlash uchun 063-son shakl asosida emlashdan bosh tortgan yoki bir martalik emlangan o`quvchilar sonini aniqlash topshirig`i yuklatilgan. Shifokorlarga esa har bir maktab va bog`chada emlash hamda tibbiy ko`rikdan o`tkazish, alohida xonalar tashkil etish topshirilgan.
Ma'lumotlar uchun, Qirg`izistonda qizamiq bilan kasallanganlar soni yil boshidan buyon uch mingdan ortiq holatda qayd etilgan. Ularning aksariyatini 10 yoshgacha bo`lgan bolalar tashkil qiladi.